Eron hijobsiz ayollarni topish uchun kameralar o‘rnatmoqda
Olam
−
10 aprel 2023
6346Eron hukumati jamoat joylarida hijobsiz yurgan ayollarni aniqlash uchun kameralar o‘rnatishni boshladi. Bu haqda mahalliy politsiyaga tayanib, BBC xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, sochlarini yopmagan ayollarga ogohlantiruvchi SMS-xabarlar yuboriladi. Politsiya bu hijob qonuniga qarshilik ko‘rsatishning oldini olishga yordam beradi, deb hisoblamoqda.
Politsiya bayonotiga ko‘ra, tizimda hijob qonunini buzganlarni aniqlash va ularga ogohlantirish yuborish uchun “aqlli” kameralar va boshqa vositalardan foydalaniladi.
Ta’kidlash joizki, o‘tgan yili hijob qoidalarini buzganlikda ayblanib, hibsga olingan yosh kurd ayoli Mahsa Aminining politsiya hibsxonasida o‘limi noroziliklarga sabab bo‘lgan edi. Aminining o‘limidan so‘ng hibsga olinish xavfiga qaramay, ko‘plab odamlar norozilik namoyishiga chiqqan edi. Dekabr oyidan beri Eronda minglab namoyishchilar qamoqqa olindi, to‘rt nafari qatl etildi, biroq qattiqqo‘l tarafdorlar qonunni tatbiq etish uchun ko‘proq ish qilinishini talab qilishda davom etmoqda.
8 aprel kuni Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy eronlik ayollar “diniy zarurat” sifatida hijob kiyishlari kerakligini yana bir bor ta’kidlagan. Eron adliya vaziri G‘ulomhusayn Mohseni-Ejei esa keng ko‘lamli bosim ayollarni qoidalarga rioya qilishga undashning eng yaxshi usuli bo‘lmasligidan ogohlantirgan.
“Madaniy muammolarni madaniy yo‘llar bilan hal qilish kerak. Bunday muammolarni hibsga olish, qamoqqa tashlash yo‘li bilan hal qilmoqchi bo‘lsak, xarajatlar ko‘payadi va kerakli samarani ko‘ra olmaymiz”, degan G‘ulomhusayn Mohseni-Ejei.
LiveBarchasi