Eron HAMAS va Isroil o‘rtasidagi har qanday sulh bitimini qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi
Olam
−
28 avgust
2675Eron Falastinning HAMAS harakati va Isroil o‘rtasidagi har qanday o‘t ochishni to‘xtatish yoki sulh bitimini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi HAMAS siyosiy byurosi a’zosi Halil al-Heya bilan suhbatda aytib o‘tdi.
Aroqchiga ko‘ra, Eron Islom Respublikasi G‘azoda o‘t ochishni yoki urushni to‘xtatish bo‘yicha Falastin qarshilik harakati va HAMAS tomonidan qabul qilinadigan har qanday kelishuvni qo‘llab-quvvatlaydi. Yangi hukumat kelganidan keyin ham Tehronning G‘azo sektoridagi mojaro bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarishsiz qoladi va Eron, avvalgidek, Falastinni qo‘llashda davom etadi.
O‘z navbatida, HAMAS siyosiy byurosi a’zosi Aroqchini Tashqi ishlar vaziri etib tayinlangani bilan tabrikladi va G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar holati haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, Halil al-Heya Falastin xalqi Eron tomonidan ko‘rsatilayotgan yordamni yuksak qadrlashini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, 15-16 avgust kunlari Dohada G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Misr, Qatar va Amerika Qo‘shma Shtatlarining qo‘shma bayonotida muzokaralar ijobiy muhitda o‘tgani qayd etildi. Tomonlar muzokarani Qohirada davom ettirishga kelishib oldi. Uning yangi bosqichida Qo‘shma Shtatlar Qatar va Misr ko‘magida HAMAS va Isroil o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni kamaytirishi mumkin bo‘lgan taklifni taqdim etgan. Biroq HAMASning ta’kidlashicha, Amerika tashabbusi faqat Isroil manfaatlarini hisobga oladi.
25 avgust kuni Misr poytaxtida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Isroil va HAMAS vositachilar taklif qilgan barcha murosali yechimlarni rad etgan.
LiveBarchasi