Erkinjon Turdimov tanqid uchun pul berishni va’da qildi (video)

Jamiyat

image

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov mutasaddilarni tanqid qilgan jurnalist va blogerlarga pul mukofoti va’da qildi. Rag‘batlantirish uchun mablag‘ni byudjetdan olish reja qilinyapti.

“15 fevraldan boshlab – blogerlar, jurnalistlar – kim negativ olib kelsa, ularni manfaatdor qilamiz. Alohida pul topib beraman. Kim olib kelishini farqi yo‘q, ko‘chadagi odam bo‘lsayam mayli”, deydi Turdimov.

Hokim olib kelingan tanqidiy material tekshirilishini, tasdiqlansa ishning katta-kichikligiga qarab mukofot berilishini qo‘shimcha qildi.

“Rasmga olingan bo‘lsa, tekshiramiz, tasdiqlansa bo‘ldi. Albatta, asosli va isbotlangan bo‘lishi kerak. Katta material bo‘lsa ko‘proq, kichik bo‘lsa kamroq pul beramiz. Jurnalist “medosmotr”dan o‘tkazmay go‘sht sotilayotgani haqida reportaj olib kelsa, SES vakili ishdan ketadi, javobgarlikka tortiladi. Qassobni sharmandasini chiqartiraman. Sudga berib qassobchilik qilishdan mahrum qilaman – bir yilga”, deydi hokim.

U tanqidiy material bo‘yicha tegishli mas’ullar jarimaga tortilishini va pullar byudjetga qaytarilishini ta’kidladi.

“15 fevraldan har hafta tanqidiy ish olib kelganlarni rag‘batlantirishni boshlaymiz. Byudjetdan qilib beraman. Qanday rag‘batlantiramiz? Masalan, mahalla raisi, veterinar, “uchastkoviy” yoki hokim yordamchisi bular hammasi byudjetdan oylik oladi. Faoliyatida kamchilik tasdiqlansa, unga 30-40 foizgacha jarima solinadi. “Shtraf” byudjetga tushadi, tejaladi. O‘sha tejalgan puldan biz bunga (jurnalist va blogerlar – tahr) “premiya” yozib beramiz”, degan Turdimov.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov ortiqcha vazndan qutilganlarga pul va’da qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Erkinjon Turdimov

Baholaganlar

231

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing