Erkin Vohidovning qizi jurnalistni jonli efirda zaldan chiqarib yubordi (video)
Madaniyat-san’at
−
31 may 2022
67218Kecha, 30 may kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbir ommaviy axborot vositalari va jurnalistga nisbatan hurmatsizlik bilan yodda qoldi. O‘zini marhum shoirning kenja qizi deb tanishtirgan ayol jonli efirda tadbirni yoritayotgan jurnalist va uning suhbatdoshini zaldan quvib chiqardi. Holat to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir yuzini ko‘rdi.
Gap shundaki, uyushmada shoir xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbir “Madaniyat va ma’rifat” telekanali orqali jonli efirda yoritib borilgan. Bunga esa jurnalist Dilrabo Akromova mas’ul bo‘lgan. U tadbir mahobati, shoir xotirasiga ko‘rsatilayotgan hurmatni o‘z lavhasida aks ettirish, tomoshabinga vaziyatni kaftdek namoyon qilish maqsadida intervyularni aynan tadbir o‘tayotgan zalda, ta’bir joiz bo‘lsa mehmonlar va tomoshabinlar fonida olgan. Bu esa dunyoning barcha telekanallarida uchraydigan tajriba.
Jurnalist ayni orqa fonda tomoshabinlardan foydalangan holatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Xurshid Do‘stmuhammaddan intervyu olgan. Uning keyingi suhbatdoshi esa Farg‘onadagi Erkin Vohidov ijod maktabi o‘qituvchisi O‘ktamoy Soliyeva edi. Jurnalist suhbatdoshiga jonli efirda savol bilan yuzlanayotganda, orqa tarafdan bir ayol kelib, ularni qo‘lidan tortib, tashqariga chiqargan, ko‘p o‘tmay “Madaniyat va ma’rifat” telekanali jonli efiri uzilgan. Jurnalist Akromova bu haqda Facebook’dagi sahifasida shunday yozadi:
“...jonli efir boshlandi. Ammo bu jonli reportajga biz emas O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qaxramoni Erkin Vohidovning "kichkina qizi" yakun yasadi. Suhbatdoshim O‘ktamoy Soliyeva va meni jahl ortiga berkingan "chiroyli" tabassumi bilan kadrdan tortib chiqarib yubordi. Foyega chiqib, unga “jonli efirda edik, bizni minglab tomoshabin ko‘rayotgan bo‘lishi mumkin, nega unday qildingiz?”, degan savolimga "Meni kimligimni bilmaysizmi: Men Erkin Vohidovni qiziman,Fozila Vohidovaman, jonli efirlaring va uni kim ko‘rayotganligi meni qiziqtirmaydi" (menga hamma narsa mumkin degandek) degan javob oldik. Xolbuki, biz tadbir jarayoniga ham, yig‘ilganlarga xam xalaqit bermayotgan edik. Tadbir mahobatini tomoshabinga his ettirish maqsadida biz zal chetidan jonli reportaj qilayotgan edik. Vaziyatni ko‘rib yordamga shoshilgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Botir Ergashevga bizni kamera bilan ko‘chaga otib yuborishlarini, "chehramizni" bu tadbirda ko‘rishni istamasligini aytib, tadbirga kirib ketdi. Munosabat o‘zingizdan azizlar! Meni o‘ylantirgani shoir farzandining etikasi, madaniyati, tomoshabinlarga, jurnalistga munosabati”.
Hozirgacha xotira kechasining asosiy tashkilotchisi bo‘lgan Yozuvchilar uyushmasi tadbirda shoirning farzandi qilgan xatti-harakatlarga munosabat bildirmadi. Aslida esa bunday tadbirlarga jurnalist va u yerda faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalarini taklif qilish, ularga munosib sharoit yaratish tashkilotchilarning vazifasi. Jumladan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ham, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi ham jonli efirda jurnalistga nisbatan qilingan hurmatsizlikka jim turibdi.
LiveBarchasi