Eriksen Ukrainaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida hushidan ketdi
Sport
−
08 iyun 1472 2 daqiqa
Kecha, 7 iyun Daniya terma jamoasi yarim himoyachisi Kristian Eriksen Ukrainaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi vaqtida hushidan ketdi.
Odense shahrida bo‘lib o‘tgan bahs ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida, hisob daniyaliklar foydasiga 2:1 ko‘rinishida bo‘lib turgan paytda to‘xtatildi. Eriksen maydonda o‘zini yomon his qilib, yerga yiqilgandan so‘ng, o‘yin davom ettirilmadi.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda Daniya va Finlyandiya o‘rtasidagi Yevropa chempionati uchrashuvida Eriksenning yuragi to‘xtab qolgan edi. Shifokorlar unga bir necha daqiqa davomida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan, jumladan, yuragini tashqi massaj qilgan. Keyinchalik daniyalik futbolchiga kardioverter-defibrillyator o‘rnatish bo‘yicha operatsiya qilingan. Shu sababli o‘sha paytda “Inter” safida to‘p surgan Eriksen Italiya chempionatida ishtirok eta olmagan edi.
34 yoshli Kristian Eriksen ayni paytda Germaniyaning “Volfsburg” klubida to‘p surmoqda. U faoliyati davomida “Ayaks”, “Tottenxem”, “Inter”, “Manchester Yunayted” va “Brentford” klublari sharafini ham himoya qilgan.
Ma’lumot uchun, Eriksen uch marta Niderlandiya chempioni va bir marta Italiya chempioni bo‘lgan. Shuningdek, u “Tottenxem” bilan Chempionlar ligasi finaliga chiqqan.
Daniya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purarlardan biri sanaladigan Eriksen 151 ta uchrashuvda maydonga tushib, 46 ta gol urgan. Uning ishtirokida Daniya terma jamoasi Yevro-2020 (2021 yilda o‘tkazilgan) musobaqasida yarim finalgacha yetib borgan.
Live
Barchasi