Ergash Soliyev Jizzax hokimi lavozimiga tasdiqlandi

Jamiyat

image

Jizzax viloyati hokimi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Ergash Soliyev xalq deputatlari viloyat Kengashining yettinchi chaqiriq birinchi sessiyasida yana ushbu lavozimga tasdiqlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, maslahatlashuvda Prezident tomonidan Jizzax viloyati hokimi lavozimiga  Ergash Alibekovich Soliyev nomzodi ko‘rsatilgani bildirilgan va u Jizzax viloyati hokimi lavozimiga bir ovozdan tasdiqlangan.

Bundan tashqari, sessiyada viloyat Hududiy saylov komissiyasi raisi Shavkat Sharipovning joriy yil 27 oktyabrda bo‘lib o‘tgan saylov yakunlari to‘g‘risidagi axboroti tinglangan. Unda deputat   Parda Shukurovich Shukurov xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi raisi etib saylangan.

Shuningdek, sessiyada xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashiga saylangan deputatlarning partiya guruhlari ro‘yxatdan o‘tkazilib, viloyat Kengashining Reglamenti va doimiy komissiyalar to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan.

Ma’lumot uchun,  Ergash Alibekovich Soliyev 1956 yil 17 iyulda Jizzax viloyati Forish tumanida tug‘ilgan. Samarqand davlat universitetini tamomlagan. 2005 yil “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan. Xalq deputatlari Jizzax viloyati kengashi deputati, Oliy Majlis Senati a’zosi. Mehnat faoliyatini Toshkent politexnika universitetida assistentlikdan boshlagan. Jizzax davlat politexnika instituti rektori lavozimida ham ishlagan va undan tashqari viloyatning Paxtakor, so‘ngra Arnasoy tumanlarida hokim vazifasini bajargan. 2017 yildan buyon Jizzax viloyatiga rahbarlik qilib kelmoqda.

Qonunchilikka ko‘ra, viloyat hokimi lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etiladi hamda ushbu nomzod bo‘yicha partiya guruhlari bilan maslahatlashuv o‘tkaziladi. “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunning 2-moddasiga (Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat boshlig‘ini lavozimiga tayinlash va lavozimdan ozod etish) ko‘ra, viloyat va Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ayni bir viloyat, tuman, shahar hokimi etib tayinlanishi mumkin emas. Hokimlarning vakolatlari muddati – 5 yil. Konstitutsiyaning 123-moddasiga ko‘ra, viloyat hokimlarining vakolatiga O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror hamda farmoyishlarini, Vazirlar Mahkamasining, yuqori turuvchi hokimlarning va tegishli xalq deputatlari Kengashlarining qarorlarini bajarish; hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish; mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyati hokimi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Erkinjon Turdimov, Xorazm viloyati hokimi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Jo‘rabek Rahimov va Navoiy viloyati hokimi sifatida ishlab kelayotgan Normat Tursunov Xalq deputatlari viloyat Kengashlarining sessiyalarida o‘z lavozimlariga tasdiqlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Ergash Soliev Jizzax hokimi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing