Erdo‘g‘anning kitobi o‘zbek tilida chop etildi

Olam

image

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning O‘zbekistonga tashrifi oldidan 2021 yil sentyabr oyida nashrdan chiqqan “Daha adil dünya mümkün” nomli kitobi O‘zbekistonda ham “Dunyo yanada odil bo‘lishi mumkin” nomi ostida o‘zbek tilida nashr etildi.

Ma’lumki, bugun, 29 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an O‘zbekistonga kelmoqda. 

Erdo‘g‘anning kitobi “Yangi asr avlodi” nashriyoti tomonidan 2000 ming nusxada chop etilgan. 

Mazkur kitobda Prezident Erdo‘g‘an Ikkinchi jahon urushidan keyin tashkil topgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning huzuridagi tashkilotlar, xususan, Xavfsizlik Kengashi bugungi global va dunyo katta qishloqqa aylangan davrda katta islohotlarga muhtoj ekani, 8 milliardga yaqin insonning taqdirini Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sanalgan besh mamlakatning insofiga tashlab qo‘yib bo‘lmasligini urg‘ulaydi. 

Shuningdek, davlat rahbari ushbu kitobda dunyoda kundan kunga ildiz otib borayotgan muammolar, urushlar, islomofobiya, xalqaro terrorizm, inson, ayollar va bolalar huquqlari, ikkilik standarti, ochlik, qashshoqlik, qochqinlar masalalariga e’tibor qaratgan. 

Turkiya rahbarining O‘zbekistonga amalga oshirayotgan navbatdagi tashrifi so‘nggi olti yil ichida uchinchisidir. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa 2017 yilning oktyabr va 2020 yilning fevral oylarida rasmiy tashrif bilan Turkiyaga bordi. 2021 yilning noyabr oyida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining 8-sammitida ishtirok etish uchun Turkiyada bo‘ldi. Shuningdek, davlat rahbarlarining telefon orqali muloqotlari ham muntazamlik kasb etib kelmoqda.

Turkiya O‘zbekistonning eng yirik hamkorlari qatoridan joy olgan. 2016 yilgacha O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo hajmi 1,5 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 3,5 milliardlik dovonni bosib o‘tdi. 2022 yilda esa ushbu miqdor 5 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. 

2020 yilda O‘zbekiston va Turkiya Respublikalari o‘rtasida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashiga asos solingan bo‘lib, ushbu Kengashning ilk yig‘ilishi davlat rahbarlari – Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyib Erdo‘g‘an raisligida 2020 yilning fevral oyida Anqarada bo‘lib o‘tdi. Erdo‘g‘anning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Kengashning ikkinchi majlisi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. 

Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan (1991 yil dekabr) birinchi davlat hisoblanadi. 1992 yilning 4 mart kuni ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgan. 1996 yilga kelib 8 mart kuni “O‘zbekiston respublikasi va turkiya jumhuriyati o‘rtasida Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida” shartnoma imzolandi.

2021 yil yakunlariga ko‘ra, Turkiya O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritgan davlatlar uchligiga kirib, o‘tgan yilning o‘zida jami 1,18 mlrd dollar miqdorida sarmoya kiritgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

78

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing