Erdo‘g‘anning Berdimuhamedovdan umidi katta

Olam

image

Turkiya Turkmanistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga kirishidan umid qilmoqda. Bu haqda mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Turkmanistonning “doimiy betaraf davlat” maqomini olganining 25 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida so‘z boradi. 

Qayd etilishicha, Turkiya Turkmanistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muvaffaqiyatli qadamlarini hamda Ashxabodning mintaqaning nodavlat tuzilmalari va xalqaro tashkilotlar bilan muloqotiga qo‘shgan hissasini mamnuniyat bilan kuzatmoqda. 

Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘z videomurojaatida Turkmanistonni muhim voqelik – “doimiy betaraf davlat” maqomini olganining 25 yilligi bilan tabriklagan. 

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya 1995 va 2015 yillarda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Turkmaniston maqomi to‘g‘risida”gi qarorlarni qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek, mamlakat rahbariyatining Turkmanistonning doimiy betarafligi siyosati doirasida xalqaro miqyosda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha tashabbuslarini yuqori baholaydi. 

“Mintaqa aholisi doimiy betaraflik maqomiga asoslangan Turkmaniston tashqi siyosatining aniq natijalariga guvoh bo‘ldi. Bu Ashxabodning Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarida ham, “Istanbul jarayoni – Osiyo yuragi” jarayonida ham namoyon bo‘ldi. Turkmanistonning transport, energetika, sanoat, sog‘liqni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi sa’y-harakatlari butun mintaqaning kelajagiga namuna bo‘lmoqda. Koronavirus infeksiyasining yangi pandemiyasi fonida dunyo hamjamiyati duch kelgan muammolar Ashxobodning tashabbuslari muhimligini yana bir bor ko‘rsatdi”, deydi Turkiya davlat rahbari. 

Erdo‘g‘an Anqara Ashxabod bilan faol hamkorlik qilishga qat’iy qaror qilganini ta’kidladi. 

Turkiya Prezidenti yana turk va turkman xalqlari o‘rtasidagi tarixiy aloqalarga e’tibor qaratdi. 

U pandemiyaga qaramay, joriy yilning 9 oyida Turkiya va Turkmaniston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 18 foizga oshganini ta’kidladi. 

“Turkiya kompaniyalari mening aziz birodarim, hurmatli Gurbanguli Berdimuhamedovning yetakchilik qobiliyati tufayli faol rivojlanib borayotgan Turkmanistonning taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar”, deydi Turkiya rahbari. 

Turkiya rahbari Turkmanistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga (Turkiy kengash) tezroq kirishiga umid bildirdi. 

Ma’lumot uchun, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib, faoliyatining asosi turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik va qo‘shnichilikni mustahkamlash, hududda va jahonda tinchlikni saqlash, xavfsizlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan.

Tashkilot 2009 yil 3 oktyabrda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan Bitimiga muvofiq tashkil etilgan.

4 ta davlat – Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi (TDHK) a’zolari sanalar edi. 2019 yilning sentyabr oyida O‘zbekiston ham ushbu tashkilotga rasman a’zo bo‘ldi

Tashkilot tarkibi turkiy tilli davlatlarning rahbarlari Kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Katta mansabdor shaxslari qo‘mitasi, Oqsoqollari kengashi va Kotibiyatdan tashkil topgan. Kotibiyat Istanbul shahrida (Turkiya Respublikasi) joylashgan.


Maqola muallifi

Teglar

Gurbanguli Berdimuhamedov Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

227

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing