Erdo‘g‘anning asosiy raqibini hibsga olishga order berildi
Olam
−
19 mart 9426 2 daqiqa
Turkiyaning Istanbul shahri hokimi va mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi Ekrem Imomo‘g‘lini hibsga olish bo‘yicha order berildi. Bu haqda “Sabah” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Imomo‘g‘li, uning matbuot kotibi Murat Ongun va yana 100 ga yaqin kishini korrupsiyaga qarshi operatsiya doirasida qo‘lga olish qarori chiqarilgan. Shuningdek, shahar hokimining uyida tintuv boshlangan.
“Operatsiya doirasida Istanbul shahar hokimi Ekrem Imomo‘g‘li va uning matbuot bo‘yicha maslahatchisi Murat Ongunga nisbatan hibsga olish qarori chiqarildi. 100 ga yaqin kishi, jumladan jurnalistlar va tadbirkorlar ham tergov ostida. Operatsiya Medya A.Ş kompaniyasidagi davlat xaridlari va Kurdiston Ishchi partiyasi (PKK) hamda “Jumhuriyat Xalq” partiyasi o‘rtasida tuzilgan “shahar kelishuvi” bilan bog‘liq ekani aytilmoqda. Shuningdek, Imomo‘g‘lining Sariyerdagi uyi atrofida ko‘plab politsiya xodimlari xavfsizlik choralari ko‘rgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, uning uyida tintuv ishlari olib borilgan”, deyiladi xabarda.
18 mart kuni Istanbul universiteti Imomo‘g‘lining diplomini bekor qilganini e’lon qildi. Diplom berishda yo‘l qo‘yilgan xatolik tufayli qabul qilingan bu qaror Turkiya qonunchiligiga ko‘ra, Imomo‘g‘lini prezidentlikka nomzodini qo‘yish huquqidan mahrum qiladi. Sabab sifatida 1990 yilda Imomo‘g‘lining Shimoliy Kipr universitetidan Istanbul universitetiga noqonuniy ravishda o‘tkazilgani ko‘rsatilgan.
Turkiya qonunchiligiga ko‘ra, prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun oliy ma’lumot talab etiladi, shu sababli ushbu qaror Imomo‘g‘lining saylovda qatnashish huquqini bekor qiladi. U bilan birga yana 27 kishining diplomlari ham haqiqiy emas deb topilgan.
Turkiyaning asosiy muxolifat partiyasi – “Jumhuriyat Xalq” partiyasi ushbu qarorga parlament darajasida norozilik bildirgan. Bunga javoban Istanbul universiteti Turkiya Oliy ta’lim kengashi (YÖK) Imomo‘g‘lining diplomini soxtalashtirilgan deb topgani va shu asosda bekor qilinganini e’lon qilgan. Ushbu masala yuzasidan barcha hujjatlar Istanbul prokuraturasi va YÖK'ga qo‘shimcha tergov uchun topshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Jumhuriyat Xalq” partiyasi a’zosi Ekrem Imomo‘g‘li Anqarada so‘zlagan nutqida Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anning davri tugaganini aytgan edi. Shuningdek, u Erdo‘g‘an siyosati faqatgina yomonlik keltirganini, davlatda boshqaruv saroy tizimiga o‘tib ketganini, Turkiyaga saroy emas, aksincha, parlament kerakligini ta’kidlagan.
Live
Barchasi