Erdo‘g‘an zilziladan jabrlanganlarga yangi uylar kalitlarini topshirdi

Olam

image

Joriy yilning oxirigacha Turkiyada 2023 yil 6 fevraldagi zilziladan jabrlanganlarga 200 mingta uy beriladi. Bu haqda bugun, 3 fevral kuni Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘an Hatayda zilzila qurbonlari uchun uy kalitlarini topshirish marosimida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, Hatayda 40 mingdan ortiq uy qurilishi davom etmoqda. Bugun esa zilzila oqibatida uylari vayron bo‘lgan oilalarga yangi 7 mingdan ortiq xonadonlar topshirildi. Xonadon egalari qura tashlash yo‘li bilan aniqlandi.

“Biz zilziladan jabr ko‘rgan shaharlarimizni tiklash bo‘yicha ishlarni davom ettiramiz. Ikki oy ichida zilzila zonasi bo‘ylab 75 mingdan ortiq uy-joylarni egalariga topshirishni yakunlaymiz”, deydi Turkiya Prezidenti.

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, tabiiy ofat mamlakatning 11 viloyati, 124 tumani va qariyb 7 ming qishloqda katta vayronagarchiliklarga sabab bo‘lgan. Turkiya rahbari 14 million fuqaro tabiiy ofatdan bevosita jabr ko‘rganini ta’kidladi. 

"Zilzila qurbonlari va vayron bo‘lgan binolar soni bo‘yicha eng ko‘p zarar ko‘rgan shahar Hatay bo‘ldi. Zilziladan keyingi ikkinchi kuni Hatayga yetib kelganimizda duch kelgan manzarani hech qachon unutmaganmiz va unutmaymiz”, deydi Erdo‘g‘an.

U har oyda 15-20 mingta uy va qishloq binolarini qonuniy egalariga topshirishni maqsad qilganini bildirdi.

“Yil oxirigacha 200 ming uy yetkazib beramiz, poydevor qo‘yilgandan keyin bir yil ichida qurilishni yakunlaymiz, degan va’damizni bajaramiz”, deya qo‘shimcha qildi Turkiya yetakchisi.

Prezident 2023 yil fevraldagi zilzila oqibatida 53 mingdan ortiq turkiyalik halok bo‘lganini eslatdi.

"Xalqimiz bu og‘riqli sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi. Men barcha birodarlarimizga, qidiruv-qutqaruv ishlarida qatnashgan 35 ming kishiga, jumladan, 11,5 ming xorijlik qutqaruvchiga minnatdorchilik bildiraman", deya qo‘shimcha qildi Rajab Toyib Erdo‘g‘an.

Shuningdek, Prezident Hatayda qurilgan yangi shifoxonalarning ochilish marosimida ham qatnashgan.

“Biz davlatimizning barcha imkoniyatlarini zilzila zonasiga jamladik. Maqsadimiz zilziladan zarar ko‘rgan barcha shaharlarni, ayniqsa Hatayni jonlantirishdir”, degan Erdo‘g‘an shifoxonalar ochilish marosimidagi nutqida.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning 6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqidagi Qahramonmarash viloyatida 7,7 va 7,6 magnitudali ikkita vayronkor zilzila sodir bo‘lgandi. Yer qimirlashlari va minglab yerosti silkinishlari respublikaning 11 viloyati va qo‘shni mamlakatlarda sezilgan bo‘lib, ulardan Suriya eng ko‘p jabr ko‘rgan. Turkiyaga yetkazilgan tabiiy ofatdan jami zarar, BMT prognozlariga ko‘ra, 100 milliard dollardan oshishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an zilzila Hatay

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing