Erdo‘g‘an zilzilada qurbon bo‘lgan ona-bolaning janozasida qatnashdi
Olam
−
26 yanvar 2020
12761Turkiyada zilzila xavfi ortib bormoqda. 24 yanvar kuni Elyazig‘, Malatya va Diyorbakir viloyatlarida 6,8 balli zilzila qayd etilgan edi. Bugun, 26 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 5:22 da Malatyada 4,3 balli, soat 5:47 da Elyazig‘da 3,9 balli navbatdagi yer silkinishlari kuzatildi.
Kecha sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida ko‘plab binolar vayron bo‘ldi. Harobaga aylangan binolar 76 ta ekani aytilmoqda. Yuzlab odamlar vayronalar ostida qoldi. Ular orasida keksalar, bolalar va hatto homilador ayollar ham bo‘lgan.
Zilzila ortidan qurbon bo‘lganlar 31 nafarga yetdi.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 25 yanvar kuni Elyazig‘ viloyatiga bordi. Prezident zilzila oqibatida qurbon bo‘lgan ona-bolaning janozasida ishtirok etdi. So‘ng vayronalarni ko‘zdan kechirib, ularni tiklash, aholini evakuatsiya qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Davlat rahbari shifoxonalarda bo‘lib, zilzilada jarohatlanganlar xolidan xabar oldi. Ularga zarur yordamlar ko‘rsatilishini va’da qildi.
"Xalqimizning yonidamiz. Kecha sodir bo‘lgan zilzila ortidan amalga oshirilgan ishlarni nazorat qilish va so‘nggi vaziyat bilan tanishish uchun Elyazig‘ga keldik", deb yozadi Erdo‘g‘an Instagram'dagi sahifasida.
Zilzila Elyazig‘ viloyatining Sivrij shahrida qayd qilingan. Zilzila o‘chog‘i 7 km yer ostida bo‘lgan. Zilziladan keyin 2,7 dan 5,4 magnitudagacha 118 ta aftershok qayd qilingan.
Ushbu zilzila kuchini Turkiyada 500 mingga yaqin odam va qo‘shni Iroq, Suriya va Livan aholisi sezgan.
Ma’lum qilinishicha, zilzila oqibatida binolarga jiddiy shikast yetgan. Voqea joyiga qidiruv-qutqaruv xizmatlarining mingga yaqin xodimi jo‘natilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning sentyabr oyi oxirida Istanbulda 5,5 balli zilzila yuz bergandi. Bundan tashqari, yana 30 ga yaqin kuchsizroq silkinishlar yuz bergandi. Natijada 500 dan ortiq inshootga jiddiy zarar yetgandi.
LiveBarchasi