Erdo‘g‘an yangi konstitutsiya bo‘yicha ish boshlanganini e’lon qildi
Olam
−
28 may 2641 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an yangi konstitutsiyani tayyorlash ishlari boshlangani va bu borada bir guruh yuristlar ishlayotganini e’lon qildi. Bu haqda davlat rahbari kecha, 27 may kuni 1960 yilgi harbiy to‘ntarishlarga bag‘ishlangan nutqida so‘z ochdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, allaqachon 10 nafar xodim yangi konstitutsiya bo‘yicha ishlarni boshlab yuborgan.
“10 nafar yurist do‘stlarimizga vazifa berdim, ular ishlashni boshladi. Bu ishlar orqali yangi konstitutsiya tayyorlaymiz”, degan davlat rahbari.
Prezident Turkiya hukumati “yangi konstitutsiyani huquq tizimiga to‘liq va keng qamrovli erkinliklar xaritasi sifatida kiritishga qat’iy ahd qilganini” aytgan. U bu jarayonda boshqa parlament partiyalari ham ishtirok etishiga umid bildirgan.
Erdo‘g‘an yangi konstitutsiyani umumjahon mezonlariga mos, erkinliklar to‘liq ifodalangan hujjat sifatida ta’riflagan.
Yangi konstitutsiya chaqirig‘i 2021 yildan beri Erdo‘g‘an siyosiy kun tartibida mavjud. U amaldagi konstitutsiyadan voz kechish kerakligini ko‘p bora ilgari surgan.
Shu bilan birga, Erdo‘g‘an 1960 yil 27 may kuni sodir bo‘lgan to‘ntarishni “Turkiya qora sahifalaridan biri” deb atagan.
“Har bir yangi bosqich bilan nafaqat umidimiz, balki mas’uliyatimiz ham ortib bormoqda”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Ma’lumot uchun, 1960 yil 27 may kuni Turkiyada birinchi harbiy to‘ntarish sodir bo‘ldi. Bu harbiylar tomonidan Adnan Menderes boshchiligidagi Demokratik partiya hukumatini ag‘darish bo‘lib, ularning siyosiy faoliyati va konstitutsiyaga zid harakatlari bahona qilib ko‘rsatildi. Ushbu to‘ntarishda harbiylar Milliy birlik qo‘mitasini tashkil qilib, mamlakat boshqaruvini qo‘lga oldi. Keyinchalik o‘tkazilgan sud jarayonlarida Adnan Menderes, tashqi ishlar vaziri Fatin Rushtu Zorlu va moliya vaziri Hasan Polatkan o‘lim jazosiga hukm qilindi va 1961 yilda Imralida qatl etildi. Prezident Jelal Bayar esa umrbod qamoqqa mahkum qilindi, ammo keyinchalik jazosi yengillatildi. Bu voqea Turkiyada demokratik institutlarga katta zarba bo‘ldi, chunki 1950 yildan beri faoliyat yuritayotgan Demokratik partiya hokimiyatdan ag‘darildi. 1961 yilda yangi konstitutsiya qabul qilinib, yangi saylovlar o‘tkazildi. To‘ntarish oqibatida o‘limga hukm qilingan siyosatchilarning jami soni uch nafardan iborat bo‘lib, hukumatdagi ko‘plab boshqa siyosatchilar va amaldorlar qamoqqa olindi yoki siyosiy faoliyatdan chetlatildi.
Eslatib o‘tamiz, Erdo‘g‘an o‘tgan yili ham 1960 yilda Turkiyada amalga oshirilgan davlat to‘ntarishiga 64 yil to‘lishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda poydevori davlat to‘ntarishini o‘zida aks ettirgan ushbu Konstitutsiyani o‘zgartirish kerakligini aytgandi.
Live
Barchasi