Erdo‘g‘an yana Putinga qarshi gapirdi

Olam

image

Insoniyat hali zamonamizning global muammolarini hal qila olmadi. Urush, terrorizm, ochlik,  qashshoqlik va iqlim o‘zgarishi xalqaro hamjamiyatning kun tartibida qolmoqda. Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Antaliyada o‘tayotgan ikkinchi diplomatik forumda so‘z ochdi. 

Uning qayd etishicha, bugungi kunda xalqaro tashkilotlarga ishonch minimal darajaga tushib ketgan. 

Davlat rahbari 2014 yildan to shu kungacha Yevropaga yetib olishga urinib, 25 ming nafargacha odam O‘rta yer dengizi suvlarida cho‘kib ketganini ta’kidladi. 

“Biz 800 millionga yaqin odam och qolgan dunyoda yashayapmiz. Bunday vaziyatda barqarorlikni ta’minlab bo‘lmaydi”, deydi Erdo‘g‘an. 

Turkiya davlat rahbari yana Qora dengiz mintaqasida keskinlik kuchayganiga e’tibor qaratdi. U yana avval aytgan gaplarini ta’kidlab, Rossiyaga qarshi fikr bildirdi. Erdo‘g‘anning fikricha, Rossiya Qrim nohaq anneksiya qilgan. 

“Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi oliy darajadagi muzokaralar bir kun avval Antaliyada boshlangani forum ko‘zlangan maqsadga yaqinlashayotganini tasdiqlaydi. Agar xalqaro hamjamiyat va G‘arb 2014 yilda Qrimning nohaq anneksiya qilinishiga qarshi birlashgan holda harakat qilganda edi, bugun manzara butunlay boshqacha bo‘lardi”, deydi Erdo‘g‘an. 

Turkiya Prezidenti G‘arb Ukrainani adolatli kurashda yolg‘iz qoldirganini ta’kidladi. 

Erdo‘g‘an Ukrainani Turkiyaning do‘sti va qo‘shnisi deb atadi va Anqara mintaqadagi agressiv qadamlarni qabul qilmasligini ta’kidladi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaziyatda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarda “olovga benzin sepish” xatodir. 

“Insoniyat urushga emas, tinchlikka intilishi kerak. Siz davlatlar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarga olov yoqa olmaysiz. Bu ikki tomonga ham foyda keltirmaydi. Biz aql-idrok va kelishuvga, [Rossiya va Ukraina o‘rtasida] tezroq o‘t ochishni to‘xtatishga umid qilamiz”, deydi Prezident. 

Turkiya davlati rahbari yana bir bor zamon sinovlariga dosh bera olmaydigan BMT tizimini isloh qilishga chaqirdi. 

Antaliyadagi diplomatik forum

“Diplomatiyani qayta qurish” shiori ostidagi forum 11-13 mart kunlari Antaliyaning Belek kurort shahrida bo‘lib o‘tadi. Forumda ishtirok etish uchun Turkiyaning “sayyohlik poytaxti”ga 2500 dan ortiq mehmon yetib keldi, yana 10 000 nafari onlayn munozaralarda ishtirok etadi. 

Antaliyadagi Diplomatik forumda 17 davlatning davlat va hukumat rahbarlari, 80 vazirlar, 39 xalqaro tashkilot delegatsiyalari ishtirok etmoqda. 

Forum ishtirokchilari uch kun davomida mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi ko‘plab dolzarb masalalar, jumladan, energiya xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi va migratsiya masalalari yuzasidan fikr almashadi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

1399

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing