Erdo‘g‘an Prezidentlik vakolatlarini vitse-prezidentga topshirdi
Olam
−
14 iyun 2019
6051Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘z vakolatlarini mamlakat vitse-prezidenti Fuat O‘ktayga topshirdi. Davlat rahbari kecha, 13 iyun kuni vakolatlarini vitse-prezidentga yuklatish bilan bog‘liq qarorni imzolagan.
Gap shundaki, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an joriy yilning 15 iyun kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning navbatdagi sammitida ishtirok etish uchun bugun, 14 iyun kuni Tojikistonga jo‘nab ketadi. Shu bois davlat rahbari o‘z vakolatlarini vitse-prezidentga topshirgan. Prezident qarorida shunday deyiladi:
“2019 yil 14-15 iyun kunlari Tojikiston Respublikasiga tashrif amalga oshirib, qaytgunimga qadar Prezidentlik vakolatlari Turkiya Respublikasi Konstitutsiyasining 106-moddasiga binoan vitse-prezident Fuat O‘ktayga yuklanadi”.
Ma’lumot o‘rnida, 55 yashar Fuat O‘ktay 2018 yilning 9 iyunidan boshlab Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Erdo‘g‘an so‘nggi bor joriy yilning aprel oyida Rossiya Federatsiyasiga amalga oshirgan tashrifi davrida vakolatlarini vitse-prezidentga yuklagan edi.