Kurs UZS

USD

12 940.58

14.07

EUR

14 044.41

-48.07

RUB

153.22

-2.78

Turkiya qil ustida

Tahlil

Bugungi kunda Turkiyada Erdo‘g‘anga raqobat tug‘dirishi mumkin bo‘lgan eng ta’sirli muxolif, Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi ortidan namoyishlar to‘xtamayapti. Talabalar mazkur namoyishlarda asosiy o‘rinni egallayotganini ko‘rish mumkin. Mahalliy nashrlarga ko‘ra, Istanbul universiteti talabalarining norozilik chiqishlari chog‘ida politsiya ularga kuch ishlatgan. Mahalliy jurnalistning ta’kidlashicha, Ekrem Imomo‘g‘lini qo‘llab ko‘chaga chiqqan talabalar Istanbul universitetida politsiya barrikadalarini yorib o‘tib, Boyazid maydoniga chiqqan. Shuningdek, yuzlab shahar hokimiyati xodimlari ham hokimiyat binosi oldida yig‘ilgan. Ayni paytda butun turk siyosiy doiralari ikkiga bo‘lingan. Imomo‘g‘lini allaqachon navbatdagi prezident sifatida ko‘radigan tarafdorlari, partiyadoshlari bu holatni unga nisbatan qilingan “to‘ntarish” deya ta’riflayotgan bo‘lsa, Erdo‘g‘an atrofidagilar va hukmron partiya vakillari amaldagi prezidentning bu ishga aloqasi yo‘qligini ta’kidlamoqda. Korrupsiya va yana bir qancha jinoyatlarda gumonlanayotgan Istanbul hokimi hibsga olingandan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda bayonot berishga ham ulgurdi. U “qat’iy ekani” va “shahar aholisi hamda butun Turkiyaga ishonishini” bildirgan. Politsiya xabariga ko‘ra esa, Imomo‘g‘li kamida to‘rt kun davomida qamoqda qoladi. Bu orada Istanbulda namoyishlarga qo‘yilgan cheklovlar vaziyatni yumshata olmayapti.

Imomo‘g‘li nega hibsda?

Ekrem Imomo‘g‘li kecha kunning birinchi qismida qo‘lga olingandan so‘ng, kunning ikkinchi qismi Istanbulda ancha ziddiyatli ko‘rinish oldi. Istanbul hokimi atrofidagi bunday voqealar kutilganidek, to‘g‘ridan to‘g‘ri prezident Erdo‘g‘anga bog‘lab talqin qilindi. Shundan so‘ng mazkur holat yuzasidan Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch o‘zining tegishli bayonotini e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov harakatlari doirasida 106 nafar gumonlanuvchiga, jumladan, Istanbul hokimiga nisbatan ham hibsga olish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan. Bildirilishicha, bu masalada Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan 2 ta tergov harakatlari olib borilmoqda. Biri terrorizm, ikkinchisi esa uyushgan jinoyatlar. Terrorizmga oid jinoyatlarni tergov qilish bo‘yicha byuro tomonidan olib borilayotgan tergov doirasida 7 kishiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Ushbu tergovda gumonlanuvchilar terrorchilik tashkilotiga yordam berish jinoyatini sodir etganliklari iddao qilinmoqda. Bu terrorchilik tashkiloti esa Turkiyaga uzoq yillardan buyon xavf tug‘diradigan Kurdiston ishchi partiyasi terrorchi tashkilotidir. Shuningdek, Uyushgan jinoyatlarni tergov qilish byurosi tomonidan ham tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu tergov doirasida esa 100 nafar gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Ular jinoiy uyushma tarkibida poraxo‘rlik, tovlamachilik, kimoshdi savdolarida til biriktirish, firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda egallash kabi jinoyatlarni sodir etganliklari aytilmoqda. Shunday qilib, ikkala tergov bo‘yicha jami 106 nafar gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Istanbul Bosh prokuraturasining bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, tergov materiallari orasida Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi hisobotlari, soliq ekspertizasi xulosalari, depozitlar haqida hisobotlar, guvohlarning bayonotlari va boshqa dalillar mavjud. Xo‘sh, terrorizm bo‘yicha 7 kishi, uyushgan jinoyatchilik bo‘yicha 100 kishi qo‘lga olindi. Ammo jami gumondorlar 107 emas, 106 nafarni tashkil qiladi. Hayron qoladigan joyi yo‘q. Chunki Istanbul hokimi yuqorida qayd etilgan ikkala tergovda, ya’ni terrorizmda ham, uyushgan jinoyatchilikda ham gumonlanmoqda. U bu borada 106 kishi ichida yagona.

Erdo‘g‘an nomi himoya qilinmoqda

Adliya vaziri Yilmaz Tunch Turkiya fuqarolarini vaziyatni noto‘g‘ri talqin qilmaslikka chaqirdi. U Imomo‘g‘li va yuzlab boshqa shaxslarga qo‘zg‘atilgan tergovga nisbatan ish mazmuni, da’vo va dalillardan bexabar holda baho berish to‘g‘ri emasligini urg‘ulagan. Adliya vaziri xolis va mustaqil sud olib borayotgan tergovlarni turli tomonlarga tortish, to‘ntaruv kabi iboralar bilan tavsiflash o‘ta xavfli va xato ekanini aytgan. Shu bilan birga, vazir huquqiy davlatda, agar jinoyat sodir etilgani haqida da’vo bo‘lsa, himoya ko‘chalarda emas, balki sud organlarida bo‘lishi lozimligini aytdi. Yilmaz Tunch bo‘layotgan ishlarga Erdo‘g‘an nomi aralashtirganlarni ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. U Imomo‘g‘lining tergovini Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga bog‘lashni, “eng yengil ta’bir bilan aytganda, haddidan oshish, haddini bilmaslik” deb atadi. Turkiya Prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun esa X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olingani ortidan davlat rahbariga nisbatan tuhmat va bo‘htonlar aytilayotganini iddao qildi. Altun bunday ishlar asosan muxolifat partiya rahbarlari tomonidan siyosiy va mafkuraviy sabablar bilan tergovning yaxlitligiga putur yetkazish uchun qilinmoqda, deya ta’kidladi. 

Erdo‘g‘anning o‘zi esa bu voqealarga biroz boshqacharoq izoh berdi. U Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga e’tirozlar va qarshiliklar fonida “hukumatga muxolifat bo‘lganlar bilan mamlakatga muxolif bo‘lganlarni aralashtirib yuboradiganlarga biror narsa deyish befoyda” dedi. Oradan bir kun o‘tib Erdo‘g‘an muxolifat masalasida yana bayonot berdi. U muxolifat diplom va korrupsiya ishi bo‘yicha adliyaga hech qachon javob bera olmasligini aytdi. Shuningdek, “agar ular bizning munitsipalitetlarimizda qonunbuzarlik yo‘q deyishsa, gaplashamiz, muhokama qilamiz, lekin buni ayta olmaydilar” deya qo‘shimcha qildi Turkiya Prezidenti.

G‘arbning reaksiyasi

Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi ortidan Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va AQSH rasmiylari o‘z munosabatini bildirdi. AQSHning mazkur voqealarga bergan reaksiyasida bugun hokimiyat tepasida Tramp turgani bilindi. Davlat departamenti voizi Temmi Bryus Qo‘shma Shtatlar boshqa mamlakatlarning ichki qarorlarini izohlamasligini aytdi. Biroq shunday bo‘lasa-da, Turkiyani inson huquqlariga rioya qilishga chaqirdi. Yevropa rasmiylari esa o‘z ritorikasiga sodiq qoldi. Ular bir necha o‘n yilliklardan buyon YeIga kirishni ostonada kutib turgan, ammo bunga yo‘l berilmayotgan Turkiyaga Ittifoqqa kirishga da’vogar mamlakat ekanini eslatdi. Shuningdek, qator qit’a rasmiylari Turkiyani bu masalada tanqid qildi. Jumladan, Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Imomo‘g‘li va boshqa ko‘plab turk muxolifati vakillarining hibsga olinishini keskin qoralab, bu holatni “Turkiya demokratiyasiga jiddiy zarba” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Turkiyada muxolif siyosatchilar uchun maydon borgan sari torayib bormoqda.

Fransiya ham Turkiyadagi voqealarni tanqid qildi. Mamlakat hukumati Ekrem Imomo‘g‘li va uning tarafdorlari hibsga olinishidan chuqur xavotirda ekanini bildirdi. Fransiya Tashqi ishlar vazirligi mulozimi Kristof Lemuan jurnalistlarga bergan bayonotida Turkiya hukumati harakatlari turk demokratiyasi uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotirda ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Parij meri Ann Idalgo bu voqeani “Erdo‘g‘an rejimi tomonidan muxolif merlarni bostirish yo‘lidagi navbatdagi qadam” deb atadi. Hatto Turkiyaning tashqi maydondagi eng katta muammolaridan biri bo‘lgan Gretsiya rasmiysi ham Imomo‘g‘li bilan birdamlik namoyish qildi. Afina meri Xaris Dukas ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida “Do‘stim Ekrem, biz sening yoningdamiz” deb yozdi. Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Kaya Kallas hamda YeIning kengayish masalalari bo‘yicha komissari Marta Kos tomonidan e’lon qilingan qo‘shma bayonotda esa Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olinishi va 2025 yil boshidan buyon davlat amaldorlari, faollar, fuqarolik jamiyati vakillari, tadbirkorlar va jurnalistlarga nisbatan ta’qiblar kuchaygani Turkiyaning uzoq yillik demokratik an’analariga sodiqligi borasida savollar tug‘dirishi ta’kidlangan. Yevroittifoq Anqarani huquqiy me’yorlarga rioya qilishga chaqirdi.

Muxolifat qadamlari

Imomo‘g‘lining qo‘lga olinishi ortidan muxolifatdagi Jumhuriyat Xalq Partiyasining eng dastlabki qadamlari Istanbul hokiming uyini ziyorat qilishdan boshlandi. Imomo‘g‘li hibsga olingandan biroz o‘tib, JXP yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel uning uyiga borib oila a’zolari bilan uchrashdi. Shundan so‘ng tarmoqlarda muxolifat partiyaga aloqador siyosatchilar tomonidan Imomo‘g‘lini qo‘llab-quvvatlash boshlandi. 19 mart kuni kechasi Ekremning ayoli Dilek Imomo‘g‘li Sarachxonada 10 minglab yig‘ilgan odamlar qarshisida so‘zga chiqib, eri Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi 16 million Istanbul aholisining irodasi hibsga olinganini anglatishini aytdi. U barchani birdamlikka chaqirib, harakatlarni to‘xtatmaslikka da’vat qildi. Partiya yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel esa butun Turkiya aholisini 23 mart, ya’ni JXPning 2028 yilgi prezidentlik saylovlari uchun nomzod ko‘rsatadigan praymeriz kunida Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi namoyishlarga chiqishga chaqirdi. U barchani Imomo‘g‘lini Turkiyaning bo‘lajak prezidenti sifatida qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Qarshilik harakatlari parlamentda ham avjiga chiqdi. 20 mart kuni Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat Xalq Partiyasi (JXP) a’zolari o‘zlarining partiyadoshlari Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga norozilik sifatida minbarga to‘planib, parlament Bosh assambleyasi ishini to‘sib qo‘yishdi. Shu sababli Bosh assambleya yig‘ilishi qoldirildi.

Bu orada Istanbul rasmiylari shaharda ommaviy tadbirlarni 23 martgacha taqiqladi, biroq JXP rahbari o‘z tarafdorlarini Istanbul hokimining hibsga olinishiga norozilik bildirishga chaqirgani ortidan cheklovlarga rioya qilish unutilgan. Ko‘p ming kishilik miting ishtirokchilari Imomo‘g‘li bilan birdamlik shiorlarini aytib, hukumat va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an iste’fosini talab qilishmoqda. Vaziyat esa borgan sari keskinlashmoqda. Chunki Istanbul hokimining hibsga olinishiga qarshi namoyishlar Istanbul bilan cheklanib qolmadi. Norozilik kayfiyati poytaxtga ko‘chgan. 20 mart tugab, 21 martga o‘tar kechasi Adanada ham marsh bo‘lib o‘tdi. Mazkur keskinliklar fonida O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi O‘zbekiston fuqarolariga ogohlantirish bilan chiqdi. Unda qayd etilishicha, Turkiya huquq-tartibot idoralari ijtimoiy tarmoqlarda provokatsion postlar joylashtirgan 261 kishini aniqlagan va 37 kishini hibsga olgan. Shu sababli, konsulxona, ijtimoiy tarmoqlarda har qanday xabar yoki fikr bildirishda juda ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Xavfsizlikni ta’minlash uchun esa quyidagilarga amal qilish kerakligi ta’kidlandi. Jumladan:

  • Har qanday norozilik namoyishlari, mitinglar va ommaviy yig‘inlardan uzoqroq bo‘lish;
  • Odam gavjum joylarga bormaslik va harakatlanish yo‘nalishini oldindan rejalashtirish;
  • Ijtimoiy tarmoqlarda ehtiyotkorlik bilan harakat qilish, provokatsion xabarlarni joylashtirmaslik va tarqatmaslik;
  • Rasmiy xabarlarga e’tibor berish va vaziyat bo‘yicha yangiliklarni kuzatib borish;
  • Favqulodda holatlarda Bosh konsulxona bilan bog‘lanish.

Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Ekrem Imomo'g'li Jumhuriyat Xalq Partiyasi O'zg'ur O'zel Muxolifat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing