Erdo‘g‘an va Aliyev Shavkat Mirziyoyevni g‘alaba bilan tabrikladi
Jamiyat
−
10 iyul 2023
3724O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqotida ko‘p qirrali munosabatlarni yanada kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilingan.
Ozarbayjon rahbari Shavkat Mirziyoyevni Prezident saylovidagi g‘alabasi bilan samimiy tabriklab, O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilagan.
Shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratilib, iqtisodiy kun tartibidagi masalalarni ikki mamlakat hukumatlari darajasida puxta ishlab chiqish muhimligi ta’kidlangan.
Muloqot davomida xalqaro tashkilotlar, shu jumladan, Qo‘shilmaslik harakati va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashilgan.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan ham telefon orqali muloqot qilib, oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining bo‘lajak yig‘ilishiga birgalikda har tomonlama tayyorgarlik ko‘rish zarurligi muhokama qilingan.
“Suhbat avvalida Turkiya Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni muddatidan ilgari Prezident saylovida qozongan g‘alabasi bilan dildan qutlab, saylovchilarning ovoz berishdagi faol ishtirokini hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar aholi tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanganini ta’kidladi”, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, keyingi yillarda O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, muhim investitsiya loyihalari va gumanitar dasturlarni amalga oshirishga ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
LiveBarchasi