Erdo‘g‘an Turkiyadagi narx muammosini tez hal qilishga va’da berdi

Olam

image

Turkiyadagi yuqori narxlar va inflyatsiya muammosi imkon qadar tezroq hal qilinadi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Konya-Karaman tezyurar poyezd liniyasining ochilish marosimida ma’lum qildi.  

Turkiyada inflyatsiya o‘tgan yilning dekabr oyida 13,58 foizga oshib, 2021 yilda turk lirasi kursidagi tebranishlar fonida 36,08 foizga yetdi. 

“Yuqori narxlar, foizlar va inflyatsiya muammosi fuqarolarimizni xavotirga solmoqda. Tez orada bu muammolar ham o‘z yechimini topadi”, degan Erdo‘g‘an nutqi davomida. 

Ma’lumot o‘rnida, Turkiya moliya tizimi milliy valyutaning qadrsizlanishi tufayli qiyin kunlarni boshdan kechirmoqda. Markaziy bank hisob stavkasini ketma-ket bir necha marta pasaytirganidan so‘ng u keskin tezlashdi: 20 dekabrda dollar kursi rekord darajadagi 18,4 liraga yetgan bo‘lsa, o‘tgan yilning yanvarida u 7,4 lira edi. Biroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning valyuta kursining o‘zgaruvchanligiga qarshi yangi chora-tadbirlar to‘g‘risidagi bayonotlaridan so‘ng dekabr oyi oxirida lira keskin ko‘tarildi. 

Erdo‘g‘an 2019 yil iyulidan buyon Markaziy bank rahbarini uch marta, 2021 yil noyabridan esa Moliya vazirini ikki marta almashtirgan. Muxolifat yetakchilari Erdo‘g‘anni iqtisodiy qobiliyatsizlikda ayblab, muddatidan oldin saylov o‘tkazishga chaqirdi. Turkiya rahbari bu taklifni rad etib, Turkiyada prezidentlik va parlament saylovi rejalashtirilganidek 2023 yil iyun oyida bo‘lib o‘tishini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Erdo'g'an

Baholaganlar

147

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing