Erdo‘g‘an Turkiyada saylovlar qachon bo‘lishini aytdi
Olam
−
10 mart 2023
8290Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 10 mart kuni mamlakatda parlament va prezidentlik saylovlari bo‘ladigan sanani tasdiqladi. U televideniyeda chiqish qilib, saylovlarni joriy yilning 14 may kuni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni imzolaganini ma’lum qilgan.
“Xalqimiz 14 may kuni o‘z prezidenti va parlament a’zolarini saylash uchun saylovga boradi”, degan Turkiya rahbari.
Ta’kidlash joizki, mazkur saylovlar nafaqat Turkiyani kim boshqarishi, balki u qanday boshqarilishi, iqtisodiyoti qayerga yo‘naltirilishi hamda Ukraina va Yaqin Sharqdagi mojarolarni yumshatishda qanday rol o‘ynashi mumkinligini hal qiladi.
Ko‘pchilik nazarida mazkur saylovlar respublikaning 100 yillik tarixidagi eng keskin saylov bo‘ladi. Chunki hozirda muxolifat bloki hukumat alyansidan biroz oldinda. Blok Erdo‘g‘anning iqtisod, fuqarolik huquqlari va tashqi siyosatga oid ko‘p siyosatini o‘zgartirishga va’da bergan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Turkiyaning muxolifat bloki – “Millat ittifoqi” 74 yoshli “Jumhuriyat Xalq” partiyasi yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘lini bo‘lajak prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida ko‘rsatgan edi.
Erdo‘g‘an avvalroq ta’til mavsumi, maktab imtihonlari va Qurbon hayiti munosabati bilan ovoz berishni qonuniy belgilangan sana – 18 iyundan 14 mayga ko‘chirish niyatida ekanini bildirgan edi. Boisi bundan 73 yil avval, 1950 yilning 14 may kuni Turkiyada ilk bor ko‘p partiyaviylikka qadam tashlangan. Shu yili Adnan Menderes va Jalol Bayar boshchiligidagi Demokratlar Otaturk ta’sis qilgan va 27 yil iqtidorda bo‘lgan “Jumhuriyat xalq” partiyasi ustidan g‘alabaga erishib, mamlakat boshqaruvini qo‘lga olgan.
LiveBarchasi