Erdo‘g‘an taslim bo‘ldi. Sochida don kelishuvi nega tiklanmadi?
Tahlil
−
07 Sentabr 2023
9803Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Rossiya yetakchisi Vladimir Putin o‘rtasidagi uzoq vaqtdan beri kutilayotgan uchrashuv nihoyat 4 sentyabr kuni Sochida bo‘lib o‘tdi. Bu uchrashuvni nafaqat Erdo‘g‘an, balki ko‘plab dunyo yetakchilari, siyosatchilar ko‘zi to‘rt bo‘lib kutayotganining sababi esa don kelishuvi. Iyul oyida Rossiya g‘alla kelishuvidan chiqqandan so‘ng, faqat Erdo‘g‘angina Putinni don shartnomasini qayta tiklashga ko‘ndira oladi, deya umid qilingandi. Ammo kutilmaganda Janob Erdo‘g‘an o‘yin qoidalarini o‘zgartirdi.
Keling, mazkur uchrashuv haqida gapirishdan oldin, bungacha bo‘lgan voqealarni qisqacha eslab olsak.
Bir necha oy oldin Turkiyada saylovoldi jarayonlari davom etayotgan, Anqara shiddatli iqtisodiy inqiroz bilan kurashayotgan bir paytda Putin gaz to‘lovlarini kechiktirishga rozi bo‘lgandi. Shuningdek, Rossiya va Turkiya rahbarlari, virtual marosimda Turkiyaning birinchi atom stansiyasini ochgandi, bu ham Moskva Erdo‘g‘anni qo‘llab-quvvatlashini anglatardi. Erdo‘g‘an ham G‘arbning bosimiga qaramasdan, Turkiyani Rossiyaga sanksiya kiritmagan yagona NATO davlati sifatida saqlab qoldi. Uning saylovdagi raqibi Kamol Qilichdoro‘g‘li esa G‘arb bilan juda do‘stona, Rossiyaga nisbatan esa juda keskin munosabatda edi.
Xullas, saylovlar o‘tdi. Erdo‘g‘an yutdi va uni qutlash uchun Putin Anqaraga Rossiya Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodinni yubordi. O‘shanda Putinning o‘zi ham tez orada Turkiyaga kelib, Erdo‘g‘anni shaxsan tabriklashi aytilgandi.
Turkiya rahbari Rossiya bilan do‘stona aloqalarni saqlab qolgan holda uning dushmani Ukrainani ham begona qilmaydi. Mana masalan shu yilning 7 iyul kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Turkiyaga kelib, g‘olib Erdo‘g‘an bilan uchrashgan. Turkiya yetakchisi Zelenskiy bilan 2,5 soat tinmay muzokara o‘tkazgan. So‘ngra u Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishga haqli ekanini iddao qilgan ham. Bu ham yetmagandek, Rossiya va Ukraina orasidagi asirlarni almashish kelishuvi doirasida Turkiyada saqlanayotgan “Azov” qo‘mondonlarini Zelenskiyga qo‘shib Ukrainaga qo‘yib yubordi.
12 iyul kuni yakunlangan Vilnyusdagi NATO sammitida esa Erdo‘g‘an Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga yo‘l ochdi. Shuningdek, u avgust oyida Vladimir Putin Turkiyaga kelishini aytib, yig‘ilganlarga Putin bilan ko‘plab masalalarni gaplashib olishga va’da berdi.
Erdo‘g‘anning bu harakatlari Rossiyada yaxshi kutib olinmasligi aniq edi. Va shunday bo‘ldi ham.
Oradan ko‘p o‘tmay, ya’ni 17 iyulda Rossiya don kelishuvidan chiqdi. Bunga esa Putin don kelishuvi faqat bir tomonlama o‘yin ekani, asosan kambag‘al mamlakatlarga don yetkazib berishi kerak bo‘lgan bu yo‘lak orqali boy mamlakatlar foyda ko‘rayotgani, Rossiya esa hech qanday manfaat ko‘rmayotganini sabab sifatida keltirgandi. Shundan so‘ng Ukraina portlariga hujum qilina boshlandi. Tonna-tonna don nobud bo‘ldi. Shundan so‘ng siyosiy doiralar Erdo‘g‘an siymosida Rossiyani g‘alla kelishuviga qaytara oladigan yagona shaxsni ko‘ra boshladi. Chunki bu bitimning tuzilishi Ukraina uchun ham, uning doni orqali kun ko‘radigan Afrika mamlakatlari uchun ham juda muhim edi.
Biroq Erdo‘g‘anning umidlari puchga chiqdi. Putin ha deganda Turkiyaga kelavermagach, avgustda Erdo‘g‘anning o‘zi Rossiyaga boradigan bo‘ldi.
Mana o‘sha tarixiy uchrashuvga ham yetib keldik. Ammo Sochidagi "Rus" sanatoriysida umumiy hisobda uch soat davom etgan muzokaralardan so‘ng, don bitimi qayta tiklangani yo‘q. Shunday bo‘lsada, uni tiklash umidini butunlay so‘ndi ham deya olmaymiz. Chunki Putin muzokaralardan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida:
“Biz dastlab don kelishuvida ishtirok etishga rozi bo‘ldik, chunki Turkiya Prezidenti va BMT vositachiligida Rossiya tomoni manfaatlari yo‘lida bir qator majburiyatlar bajarilishiga kelishib olingandi. Shartnoma yakunlanganidan va Rossiyaga nisbatan hech qanday majburiyatlar bajarilmaganidan keyin bizdan uni uzaytirishni so‘rashdi, yana hamma narsani darhol bajarishga va’da berishdi. Biz uzaytirdik – yana hech kim hech narsa qilmadi. Keyin bizdan uchinchi marta berilgan majburiyatlarni bajarishga va’da berib, ishtirokimizni uzaytirishimizni so‘rashdi. Va odatdagidek, bu bizning G‘arbdagi sheriklarimiz bilan tez-tez sodir bo‘ladi, ular bizni yana aldadi, yana hech narsa qilmadi. Hozir aytamizki: biz bu kelishuvga qarshi emasmiz, bizga berilgan va’dalar amalga oshishi bilan darhol unga qaytishga tayyormiz. Shu xolos. Agar ular o‘z va’dalarini bugun bajarsa, yaqin bir-necha kun ichida biz don kelishuviga to‘liq qaytamiz, bizdan xohlashgan hamma narsani bajaramiz”, degan Putin.
Shunday qilib Putin Rossiya, Qatar va Turkiya o‘rtasida boshqa, yap-yangi bitim tuzilishini ma’lum qildi. Bu bitim orqali eng qashshoq mamlakatlarga imtiyozli narxda 1 mln tonnagacha don yetkazib berish rejalashtirilgan. Biroq Putin mazkur kelishuv don shartnomasining o‘rinbosari bo‘lmasligiga ishontirgan.
“Biz Turkiya va Qatar bilan bir million tonna don yetkazib berish bo‘yicha qo‘shma ishlarimizni “Qora dengiz g‘alla bitimi”ning muqobili sifatida ko‘rib chiqmaymiz. Bu yerda o‘z manfaatlariga ega Ukraina ham bor. Biz buni juda yaxshi tushunamiz va bundan xabardormiz. Bu bizning Afrika davlatlarining oziq-ovqat muammolarini hal qilishga qo‘shgan ulkan hissamiz bo‘ladi”, deydi Putin.
Erdo‘g‘an esa Anqara BMT bilan birgalikda don kelishuvini qayta tiklash maqsadida yangi tashabbuslar to‘plamini tayyorlagani va uning ijobiy ko‘rib chiqilishiga umid qilayotganini aytgan xolos. Ammo u Rossiya va Qatar bilan Ukrainasiz tuzilayotgan yangi bitimga qo‘shilishga qarshi emas.
Turkiya rahbari Anqaraga qaytgach 5 sentyabrda o‘z hukumati bilan Sochidagi muzokaralarni muhokama qildi. Hukumat yig‘ilishidan so‘ng matbuotda chiqish qilgan Erdo‘g‘an Putin bilan uchrashuvi samarali o‘tganini, Rossiya rahbarining don yo‘lagi kelishuvini yangilash bo‘yicha ikkita aniq iltimosi borligini aytdi.
“Ulardan biri Rossiya qishloq xo‘jalik bankining SWIFT tizimiga ulanishi, ikkinchisi esa don tashishda foydalaniladigan kemalarning sug‘urtasi”, dedi siyosatchi.
Eng yomoni Erdo‘g‘an Putin bilan ko‘rishganidan so‘ng, bu safar umidsizlikka tushib qoldi. Uning aytishicha, Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish istiqbollari yo‘q.
“Afsuski, 1,5 yildan beri davom etayotgan urush hali ham nihoyasiga yetgani yo‘q. Ufqda tinchlikka erishish istiqboli ko‘rinmayapti”, deydi u.
Shunday bo‘lsa-da, Erdo‘g‘an Turkiyaning Ukrainadagi mojaroni hal qilish uchun vositachilik xizmatlarini o‘z zimmasiga olishga tayyorligini yana bir bor takrorladi.
“Agar tomonlar shunday istak bildirsa, biz o‘z hissamizni qo‘shishga tayyormiz. Shuningdek, mahbuslar almashinuvi va Zaporoje atom elektr stansiyasi kabi masalalarda vositachilik rolini o‘ynashda davom etamiz. Ikki qo‘shnimiz va mintaqamizga zarar keltiruvchi bu urush imkon qadar tezroq xalqaro huquq asosida adolatli va mustahkam tinchlik o‘rnatilishi bilan yakunlanishiga umid qilamiz”, degan Erdo‘g‘an.
Diplomatik manbalarga ko‘ra, Turkiya BMTga ham Sochidagi muzokaralar natijasi bo‘yicha axborot beradi. Bundan tashqari, ayrimlar BMT Bosh Assambleyasining yuqori darajadagi haftaligidan so‘ng, Erdo‘g‘an yana Putin bilan ko‘rishib muzokaralarni davom ettirishini aytmoqda.
Aniqki, Turkiya rahbari BMT Bosh Assambleyasi tadbirlari davomida boshqa davlatlar yetakchilari bilan ham uchrashadi. Xususan Ukraina tomoni allaqachon Prezident Zelenskiy Bosh Assambleya sessiyasida qatnashishini bildirgan. Balki Erdo‘g‘an shu orqali Rossiya va Ukraina orasidagi vositachilikni davom ettiradi.
Xulosa qilib aytganda, Vladimir Putin Sochida G‘arb yetakchilari unga munosib hurmat bilan munosabatda bo‘lmaguncha, hech qanday real qadamlar bo‘lmasligiga signal berdi. Turkiya Prezidenti esa afsuski don shartnomasini qayta tiklashda biror natijaga erisha olmadi. Xo‘sh, rostdan ham bu safar Erdo‘g‘an aniq taslim bo‘ldimi? Voqealar rivojini QALAMPIR.UZ'da kuzating!
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr