Erdo‘g‘an Stoltenberg bilan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi taranglikni muhokama qildi
Olam
−
08 fevral 2022
3904Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 8 fevral kuni NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan telefon orqali muloqot qildi.
Qayd etilishicha, telefon orqali suhbat chog‘ida Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi munosabatlardagi inqirozga urg‘u berilgan holda mintaqaviy jarayonlar haqida fikr almashilgan.
Prezident Erdo‘g‘an Turkiyaning Moskva va Kiyev o‘rtasidagi taranglikni kamaytirish uchun faol harakat qilayotganini aytgan.
Davlat rahbari inqirozni Ukrainaning hududiy yaxlitligi, xalqaro huquq va Minsk kelishuvlari asosida tinch, diplomatik yo‘llar bilan hal etish zarurligiga ishonch bildirgan. Unga ko‘ra, Anqara o‘z pozitsiyasini barcha tomonlarga yetkazgan.
Erdo‘g‘o‘n Anqara Rossiya Federatsiyasi va Ukraina Prezidentlari o‘rtasida uchrashuv tashkil etishga yoki tomonlar o‘rtasida texnik muzokaralar uchun platforma yaratishga tayyorligini ta’kidlagan.
NATO bosh kotibi, o‘z navbatida, Turkiya Prezidentiga faol qo‘llab-quvvatlagani va Rossiya-Ukraina inqirozini siyosiy jihatdan tartibga solishga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirgan.
Stoltenberg Turkiya Prezidenti va uning rafiqasi koronavirus kasalligidan tezroq tuzalib ketishiga umid bildirdi.
LiveBarchasi