Erdo‘g‘an Shvetsiyani ogohlantirdi
Olam
−
16 yanvar 2023
12096Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Shvetsiya va boshqa bir qator Yevropa davlatlarini terroristik tashkilotlarga in bo‘lib, ular emin-erkin faoliyat yuritishiga toqat qilib o‘tirishda aybladi. Davlat rahbari terrorchilarni ekstraditsiya qilish Anqara Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga a’zo bo‘lish haqidagi arizalarini qo‘llab-quvvatlashi uchun majburiy ekanligini aytdi.
“Biz ularga dedik: “Agar siz mamlakatlaringizdagi terrorchilarni ekstraditsiya qilmasangiz, NATO a’zoligi haqidagi arizangizni parlamentimizda ratifikatsiya qila olmaymiz. Ularning takliflari parlamentimizdan o‘tishi uchun ular 130 ga yaqin terrorchini ekstraditsiya qilishlari kerak, ammo, afsuski, ular buni hali amalga oshirmagan”, deydi Erdo‘g‘an yoshlar vakillari bilan uchrashuvda.
Uning qayd etishicha, Stokgolm ko‘chalarida Kurdiston ishchilar partiyasi (PKK) terrorchilik tashkiloti tarafdorlarining mitinglari muntazam bo‘lib o‘tadi. Prezident Turkiya Shvetsiya hukumatini bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida bir necha bor ogohlantirganini ta’kidladi.
“Ammo ogohlantirishlarimizga qaramay, afsuski, PKK/PYD namoyishlarini to‘xtatish uchun hech qanday chora ko‘rilmadi. Agar ular bu vaziyat bo‘yicha chora ko‘rmasalar, bu Shvetsiya bilan munosabatlarimizda yanada keskinlashuvga olib kelishi mumkin”, deya qo‘shimcha qildi u.
Davlat rahbari Turkiya milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi terrorchilik guruhlari nafaqat Shvetsiya va Finlyandiyada, balki Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlarda ham borligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu PKK Yevropa Ittifoqi tomonidan terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilganiga qaramasdan sodir bo‘lmoqda.
“Turkiya ularga nisbatan o‘z pozitsiyasini shunga qarab belgilaydi”, deya ogohlantirdi u.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 yanvar kuni Turkiyada faoliyati taqiqlangan va terrorchi deb topilgan Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) tarafdorlari tomonidan Stokgolmda o‘tkazilgan mitingda Erdo‘g‘anga nisbatan haqoratli so‘zlar aytildi. Bundan tashqari, mahalliy hokimiyat binosi oldidagi ustunga Erdo‘g‘anga o‘xshatib yasalgan qo‘g‘irchoq oyog‘i osmondan holatda osib ketildi.
Turkiya hukumati bu harakatni qoraladi. Shvetsiyaning Anqaradagi elchisi Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, unga nisbatan norozilik bildirildi. Turkiya parlamenti spikeri Mustafo Shentop Shvetsiya parlamenti rahbarining 17 yanvarga mo‘ljallangan Anqaraga tashrifini bekor qildi, unda shimoliy mamlakatning NATOga kirishi masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan edi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning advokati Husayn Oydin Anqara prokuraturasiga Shvetsiyada Turkiya rahbariga qarshi namoyish tashkilotchilariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atish talabi bilan murojaat qildi.
Turkiyada Prezidentni haqorat qilish jinoyat hisoblanadi. Mahalliy Jinoyat kodeksining 229-moddasiga ko‘ra, u to‘rt yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.
LiveBarchasi