Erdo‘g‘an Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston xalqini tabrikladi
Jamiyat
−
22 mart 2021
3697Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va mamlakat xalqiga sharqona yangi yil Navro‘z bayrami munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
“Ildizi uzoq asrlarga borib taqaluvchi mushtarak an’analarimizdan biri bo‘lgan, bahor va yangi boshlanish suyunchisini keltiruvchi, qardoshlik, tinchlik, birlik va birdamlik timsoli bo‘lmish Navro‘z bayrami munosabati bilan Siz Janobi Oliylarini va do‘st, qardosh O‘zbekiston xalqini turk xalqi va shaxsan o‘z nomimdan chin dildan muborakbod etaman.
Tabiat uyg‘onishi orqali qalblarda o‘zaro anglashuvni, muloqotni, hamjihatlikni mustahkamlovchi Navro‘z bayrami har yili bo‘lgani kabi joriy yilda ham Bolqonlardan tortib O‘rta Sharqqacha, Anado‘ludan Markaziy Osiyogacha bo‘lgan keng makonda jo‘shqin ravishda nishonlanadi”, degan Erdo‘g‘an.
Turkiya Prezidenti COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq ushbu murakkab davrda Navro‘z bayrami nafaqat ikki mamlakat va mintaqaga, balki butun bashariyatga sihat-salomatlik, halovat va tinchlik olib kelishini tilagan.
“Fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga sog‘lik, baxt va muvaffaqiyat, do‘st va qardosh O‘zbekiston xalqiga farovonlik va omonlik tilab qolaman”, deya so‘zini yakunlagan Rajab Toyib Erdo‘g‘an.