Erdo‘g‘an saylovda mutlaq g‘alaba qozonganini e’lon qildi
Olam
−
28 may 2023
14100Bugun, 28 may kuni Turkiyaning amaldagi Prezidenti, “Adolat va taraqqiyot” partiyasi yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘an Istanbulda tarafdorlari qarshisiga chiqdi va saylovdagi g‘alabasini e’lon qildi. Bu haqda “Haber Global” xabar berdi.
Bugungi prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida ko‘pchilik ovozni qo‘lga kiritgan Erdo‘g‘an saylov natijalarini demokratiya bayrami deb atagan.
“Prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi yakunlandi. Xalqimizga bizga bergan demokratiya bayrami, kelgusi besh yil davomida mamlakatni boshqarish mas’uliyatini bizga topshirgani uchun minnatdorlik bildiraman", degan Erdo‘g‘an.
Shuningdek, Turkiya rahbari Ozarbayjon va O‘zbekiston yetakchilari uni g‘alaba bilan qutlaganini, xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo‘ng‘iroq qilib, tabriklaganida lozim bo‘lsa Turkiyaga yetib borishini bildirganini aytgan.
Rajab Toyib Erdo‘g‘an Istanbuldagi mitingdan so‘ng Anqaraga uchib ketgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga qadar umumiy saylov uchastkalaridagi 99 foiz saylov qutilari ochilgan. Unga ko‘ra, amaldagi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an hozirda 52,8 foiz ovoz olgan. Uning raqibi Kamol Qilichdoro‘g‘li esa 47,9 foiz ovoz yig‘gan.
Erdo‘g‘an yana keyingi besh yilda, ya’ni 2028 yilga qadar mamlakatni boshqaradi.
LiveBarchasi