Erdo‘g‘an rafiqasi bilan Turkiyaning ilk milliy elektromobilida sayr qildi
Olam
−
03 aprel 2023
9679Turkiyada ilk milliy elektromobil – Togg'ni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda "Anadolu Agency" xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mashinaning taqdimoti bugun, 3 aprel kuni o‘tkazilgan. Mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Togg'ning dastlabki T10X modelini qabul qilib olar ekan, ushbu elektomobilning ishlab chiqarilishini Turkiyaning iqtisodiy va texnologik taraqqiyoti hamda global obro‘sining o‘sishi razmi ekanini aytgan.
Turkiya rahbari birinchi xonim Emina Erdo‘g‘an bilan birga yangi mashinada prezidentlik majmuasini aylanib chiqqan.
Ma’lumot uchun, elektromobil narxi 1 million 55 ming lira (taxminan 55 ming 600 dollar), uzoq masofali modeli esa 1 million 215 ming lira (taxminan 64 ming dollar)ni tashkil qiladi.
Elektromobil 218 ot kuchiga ega bo‘lib, ikki xil batareya varianti bilan 314 va 523 kilometr masofani bosib o‘tishi mumkin. Batareyalar 28 daqiqadan kamroq vaqt ichida 20 dan 80 foizgacha quvvatlanishi mumkin. Shuningdek, elektromobilning ikkinchi versiyasi joriy yilning oktyabr oyida taqdim etilishi aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ham Xitoyning BYD elektromobillarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.
Nodirjon Madaminov
LiveBarchasi