Erdo‘g‘an Putinga uni Turkiyada kutayotganini aytdi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 1 sentyabr kuni Xitoyning Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkilotining 25-sammiti doirasida turkiyalik mavqedoshi Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. Bu haqda ikki yetakchining matbuot xizmatlari xabar berdi.

Tomonlar asosiy mintaqaviy masalalarni, xususan, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Transkavkazdagi vaziyatni muhokama qildi. Rossiya rahbari Anqarani Moskva uchun ishonchli, vaqt sinovidan o‘tgan hamkor deb atadi.

“Rossiya-Turkiya hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, aniq, foydali va men ishonchli deb aytgan bo‘lardim, ”, dedi Putin uchrashuvda.

U, shuningdek, Turkiyaning Ukrainadagi inqirozni hal qilishdagi muhim hissasini eslatdi. O‘z navbatida, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham Istanbul muzokaralarini Ukraina mojarosini tinch yo‘l bilan hal etishga qo‘shgan hissasi deb bilishini aytdi.

“Prezident Turkiyaning Ukrainadagi urushni tugatish, adolatli va mustahkam tinchlik o‘rnatish borasidagi sa’y-harakatlari davom etayotganini aytdi. Uning fikricha, Istanbuldagi muzokaralar tinchlik jarayoniga hissa qo‘shdi”, deyiladi Turkiya rahbarining matbuot xizmati xabarida.

Putin, o‘z navbatida, “turk do‘stlariga” mojaroni hal qilishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi va Istanbuldagi muzokaralarda “gumanitar sohadagi bir qator amaliy masalalarni hal etishda olg‘a siljish” bo‘lganini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Turkiya va Rossiya Prezidentlari Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi muzokaralarni muhokama qilishgan. Erdo‘g‘an barqaror tinchlikka umid bildirdi va Kavkazda uzoq muddatli barqarorlik Turkiya va Rossiyaning umumiy manfaatlariga mos kelishini ta’kidladi. Uchrashuvda liderlar Isroilning G‘azo sektoridagi urushi va Suriyaning rivojlanishi haqida fikr almashdi.

Erdo‘g‘an Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi aloqalar rivojlanayotganini, savdo, turizm, sarmoya va energetika kabi sohalarda hamkorlik davom etayotganini qayd etdi.

Bundan tashqari, Erdo‘g‘an Putinni tez orada Turkiyada ko‘rishni kutayotganini aytdi. Uchrashuvda Rossiya Prezidentiga “aziz do‘stim” sifatida murojaat qilgan Erdo‘g‘an, Putinga Turkiyaga tashrif buyurish taklifini eslatdi. 

“Bu o‘z kuchida qoladi va biz sizni tez orada mamlakatimizda ko‘rishni istaymiz”, dedi Turkiya rahbari.

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, texnik muzokaralar ijobiy ruhda davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Turkiya Vladimir Putin Rajab Toyib Erdo'g'an ShTH

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing