Erdo‘g‘an Putinga qo‘ng‘iroq qildi. Yetakchilar nimalarni gaplashdi?

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 25 mart kuni telefon orqali gaplashib, Ukrainadagi vaziyat va ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, davlat rahbarlari don masalasi va Turkiya-Suriya o‘rtasidagi munosabatlar haqida gaplashgan. Bu haqda Kreml xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, davlat rahbarlari Turkiya-Rossiya munosabatlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan keyingi ishlar hamda Rossiya-Ukraina urushi atrofidagi so‘nggi o‘zgarishlarni muhokama qilgan.

Erdo‘g‘an Putin bilan suhbatda Rossiyaning don shartnomasini uzaytirish bo‘yicha kelishuvini ijobiy baholagan.

U Rossiyaning g‘alla kelishuvi doirasida o‘z mahsulotlari oldidagi to‘siqlarni olib tashlashga bo‘lgan munosabatini tushunishini bildirgan. 

“Turkiya rahbari Rossiyaning Qora dengiz portlaridan Ukraina g‘allasini eksport qilish va Rossiya oziq-ovqat va o‘g‘itlari eksportiga to‘siqni olib tashlash bo‘yicha Istanbul shartnomasini 60 kunga uzaytirish to‘g‘risidagi kelishuvini ijobiy baholadi”, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Erdo‘g‘an Turkiya-Suriya munosabatlarini normallashtirish jarayonida Rossiyaning konstruktiv vositachilik rolini alohida qayd etgan. 

“Suriya muammosi ko‘rib chiqildi. Turkiya-Suriya munosabatlarini normallashtirish jarayonini davom ettirish muhimligi ta’kidlandi. Turkiya Prezidenti bu borada Rossiyaning konstruktiv vositachilik rolini qayd etdi”, deyiladi xabarda.

Anqara va Damashq o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish jarayoni 2022 yil 28 dekabr kuni Moskvada Rossiya, Suriya va Turkiya Mudofaa vazirliklari rahbarlari o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tkazilganda boshlangan edi. Uchrashuvda qo‘shma uch tomonlama komissiya tuzish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Ushbu maslahatlashuvlardan so‘ng Tashqi ishlar vazirlari darajasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tishi kerak, uning kun tartibiga Turkiya va Suriya Prezidentlari Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Bashar al-Asad o‘rtasidagi muzokaralar masalasi kiritiladi.

Shuningdek, Turkiya Prezidenti Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi harbiy harakatlar muzokaralar yo‘li bilan tezroq to‘xtatilishi kerakligini ta’kidlab o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 22 mart kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Rossiya donidan Afrikaga un yetkazib berish masalasini muhokama qilish istagida ekanligini bildirgan edi.

Bundan tashqari, Erdo‘g‘an Turkiya harbiy to‘qnashuvlarda hech qaysi davlat tarafida bo‘lmasligini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing