Erdo‘g‘an Putinga qo‘ng‘iroq qildi. Ular nima haqida gaplashdi?
Olam
−
29 Sentabr 2022
16991Bugun, 29 sentyabr kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida kutilgan telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda Ukraina inqirozini hal qilish istiqbollari ko‘rib chiqildi, deya xabar berdi Turkiya Prezidenti ma’muriyati muzokaralar yakunlari bo‘yicha.
Prezident Erdo‘g‘an, Rossiya yetakchisi Vladimir Putinni muzokaralarga yana bir imkoniyat berishga chaqirgan va bu jarayonda vositachilik rolini o‘ynashga tayyor ekanini aytgan.
Shuningdek, ko‘proq ijobiy o‘zgarishlarni ta’minlash uchun keskinlikni pasaytirish choralari zarurligi qayd etilgan.
“Shu munosabat bilan Turkiya rahbari ushbu jarayonga, xususan, Ukrainaning bir qator mintaqalarini Rossiyaga qo‘shish borasida tegishli choralarni kutishini aytdi”, deyiladi xabarda.
Erdo‘g‘an, Rossiyadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va o‘g‘it eksport qilish tarafdori ekanini ham aytgan.
Shuningdek, suhbatda, energetika sohasida – Rossiya tabiiy gazini Turkiyaga yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarni amalga oshirish va Akkuyu atom elektr stansiyasini birgalikda qurish doirasidagi hamkorlikka ijobiy baho berilgan.
Davlat rahbarlari 15-16-sentyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida erishilgan kelishuvlarni amaliy amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidlaganlar.
Kremlning ma’lum qilishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Erdo‘g‘anga Donetsk va Lugansk “xalq respublikalari”, Xerson va Zaporoje viloyatlarida o‘tkazilgan referendumlar shaffof va xalqaro huquq, jumladan, BMT Nizomiga to‘liq mos ravishda o‘tgani haqida axborot bergan.
Suhbat so‘ngida Erdo‘g‘an Ijevskdagi maktabda sodir etilgan otishmada ko‘plab qurbonlar berilgani munosabati bilan hamdardlik bildirgan.
“Turkiya prezidenti Ijevsk maktabida sodir etilgan terrorchilik harakatining fojiali oqibatlari munosabati bilan hamdardlik bildirdi”, deyiladi Kreml xabarida.