Erdo‘g‘an Putin va Zelenskiy bilan gaplashib olmoqchi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 1 iyul kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqotga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytdi. 

“Hamkasblarimiz Putin va Zelenskiy bilan telefon suhbatlari mavzusida maslahatlashuvlar olib borilmoqda”, deydi Erdo‘g‘an jurnalistlarga. 

Turkiya rahbari kecha Madridda bo‘lib o‘tgan NATO sammiti yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida ham shu haftaning oxirida yoki kelayotgan haftaning boshida ikki davlat Prezidentlari bilan telefon orqali gaplashish niyatida ekani haqida gapirgandi. U Putin va Zelenskiy bilan Ukraina donini eksport qilish masalasini muhokama qilishni rejalashtirgan. 

Erdo‘g‘anning NATO doirasidagi matbuot anjumanida chiqishidan so‘ng, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov davlat rahbari Vladimir Putinning Turkiya yetakchisi Erdo‘g‘an bilan telefon orqali suhbati hozircha rejalashtirilmaganini aytdi. 

“Umuman olganda, bu hali jadvalda emas”, deydi Peskov jurnalistlar bilan muloqotda.

Eslatib o‘tamiz, Erdo‘g‘an NATO sammitidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida Prezidentlar Putin va Zelenskiy bilan munosabatlarining hozirgi holatiga baho bergandi. 

Ma’lumot uchun, 8 iyun kuni Rossiya va Turkiya tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Mavlud Chavusho‘g‘li Anqarada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda “Don yo‘lagi”ni yaratish masalasini muhokama qildilar. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avvalroq Kiyev o‘z portlarini minalardan tozalasa, Moskva Ukraina donini olib ketayotgan kemalarning to‘siqsiz o‘tishini kafolatlashi, Berdyansk va Mariupol kabi Rossiya nazoratidagi portlar orqali tovarlar eksport qilinishini ta’minlashi mumkinligini aytgan edi. U jahon oziq-ovqat bozoridagi muammolar 2020 yilning fevralida boshlanganini eslatib, Rossiyaning Ukraina portlarida donni to‘sib qo‘ygani haqidagi bayonotlarni feyk deb atadi. 

Turkiya hukumati Ukraina g‘allasini Qora dengiz orqali yetkazib berish uchun xavfsizlik kafolatlarini ta’minlashi mumkinligini ma’lum qildi. TRT telekanali o‘tgan hafta Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma’muriyatidagi manbalarga tayanib, Ukraina g‘allasini yetkazib berish bo‘yicha yo‘l xaritasini amalga oshirish mexanizmi 80-90 foiz tayyor ekanligini va tegishli kelishuvlarga erishilsa, u amalga oshirilishi mumkinligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

46

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing