Erdo‘g‘an Putin va Zelenskiy bilan anchadan buyon nimani muhokama qilayotganini ochiqladi
Olam
−
14 dekabr 2022
10194Bugun, 14 dekabr kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Turkmaniston gazini kaspiy dengiz orqali Turkiyaga yetkazish va Yevropa bozoriga olib chiqish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha Turkmanboshiga yig‘ildilar. Ikki davlat rahbari ham Turkmanistonga rafiqalari Emina Erdo‘g‘an va Mehribon Aliyeva bilan tashrif buyurgan.
Uch tomonlama sammitda so‘z olgan Turkiya rahbari Turkmanistonning tez orada Turkiy davlatlar tashkilotidan kuzatuvchi maqomidan doimiy a’zoga aylanishiga umid bildirdi.
“Ishonchim komilki, Anqara, Baku va Ashxobodning qardoshlik aloqalari mamlakatlarimizning strategik imkoniyatlaridan kelib chiqib mustahkamlanadi. Maqsadimiz global va mintaqaviy jarayonlardan aholi manfaati uchun mintaqaviy barqarorlikni hisobga olgan holda to‘liq foydalanishdir”, deydi Erdo‘g‘an.
Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, davlatlarning o‘zaro hamkorligi hozirgi zamon sinovlari va inqirozlari fonida ayniqsa muhimdir.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya-Ukraina urushi dunyoda oziq-ovqat va energetika xavfsizligini larzaga solgan, Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealarning oqibatlari barcha mamlakatlarda u yoki bu tarzda, jumladan, inflyatsiyaning o‘sishi orqali seziladi.
"Ukraina atrofidagi inqiroz boshidanoq men urushda g‘olib bo‘lmasligi va dunyo hamma yutqazishini aytdim. Adolatli dunyoga faqat muloqot orqali erishish mumkin. Shu bois birinchi kundanoq qon to‘kilishini to‘xtatishga intildik, davlat rahbarlari darajasida ham, boshqa joylarda ham samimiy qadamlar tashladik”, deydi Prezident.
Davlat rahbari Rossiya Federatsiyasi va Ukraina delegatsiyalarining Istanbulda yuzma-yuz uchrashganini eslatib, ushbu muzokaralar stoli hamon tan olingan platforma bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.
Turkiya rahbari e’tiborni Anqaraning Ukraina bo‘yicha vositachilik sa’y-harakatlariga qaratdi, bu esa asirlar almashinuviga erishish imkonini bergan va “don kelishuvi”ga yo‘l ochgan.
“Prezident Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy bilan muloqotim shu yo‘nalishda davom etmoqda. Umid qilamanki, biz o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erisha olamiz, bu esa uzoq muddatli tinchlikka yo‘l ochadi”, deydi Turkiya Prezidenti.
LiveBarchasi