Erdo‘g‘an, Putin va Ruhoniy sammit o‘tkazib, Suriya masalasini muhokama qildilar
Jamiyat
−
01 iyul 2020
5620Bugun, 1 iyul kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Hasan Ruhoniy Ostona shahrida Suriya bo‘yicha oltinchi sammitni o‘tkazdilar. Sammit videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan.
Davlat rahbarlari muloqoti 1,5 soat davom etgan.
Eron Prezidenti sammit ishtirokchilariga murojaat qilib, Suriyadagi mojaroni hal qilishning yagona yo‘li muzokaralar bo‘lib, urush variant bo‘lishi mumkin emasligini ta’kidladi.
Ruhoniy AQSHning mintaqadagi harakatlarini qoralab, AQSH harbiylarining Suriya hududida bo‘lishini beqarorlik omili deb atadi.
"Vashingtonning Suriyadagi yagona maqsadi – bu mamlakatning tabiiy boyliklari", deya ta’kidladi Eron Prezidenti.
O‘z navbatida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Suriyada uzoq muddatli sulhga va terrorizmga qarshi kurashishga chaqirdi. Putin Rossiya, Turkiya va Eron Suriyada juda ko‘p ishlarni amalga oshirganini ta’kidladi.
“Suriyada zo‘ravonlik darajasi keskin pasaytirildi, tinch hayot asta-sekin tiklanmoqda, eng muhimi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashining 2254-sonli rezolyutsiyasi asosida barqaror siyosiy va diplomatik yechim topish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Ma’lumki, ushbu hujjatda asosiy prinsip mavjud – bu Suriyaning suvereniteti, mustaqilligi, birligi va hududiy yaxlitligi", dedi Rossiya rahbari.
Putin Suriyada uzoq muddatli normallashish muhimligini ta’kidladi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidentining fikriga ko‘ra, Jenevadagi Konstitutsiyaviy Qo‘mita doirasida Suriya ichidagi inklyuziv dialogni faol ravishda ilgari surish kerak.
Erdo‘g‘an esa Turkiya Suriyaning yaxlitligini buzishga uringan terrorchilar va ayirmachilarga qarshi samarali choralar ko‘rayotganini ta’kidladi.
"Suriyaning hududiy yaxlitligi va siyosiy birligi, shuningdek, bu mamlakatda sulh va uzoq muddatli kelishuvni ta’minlash Turkiyaning ustuvor vazifalari bo‘lib qolmoqda", deydi Erdo‘g‘an.
Prezident Turkiya vaziyatni barqarorlashtirish va qo‘shni Suriyada xavfsizlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini davom ettirishini ta’kidladi.
“Suriyadagi mojaroning boshidanoq Turkiya Suriya xalqining yonida edi va uni qo‘llab-quvvatladi. Biz millionlab Suriya fuqarolariga etnik va diniy tafovutlarsiz o‘z chegaralarimizni ochdik”, deydi Erdo‘g‘an.