Erdo‘g‘an Pashinyan bilan tarixiy uchrashuv o‘tkazdi
Olam
−
21 iyun 4145 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Istanbulda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashdi. Bu haqda kecha, 20 iyun kuni Turkiya davlat rahbarining aloqa bo‘limi X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Armaniston parlamenti spikeri Alen Simonyan voqeani tarixiy voqea deb atadi va bu “Armaniston rahbarining Turkiyaga bunday darajadagi birinchi tashrifi” ekanini ta’kidladi. Qayd etish joiz, 2023 yilda Pashinyan allaqachon Turkiyaga tashrif buyurgan – u Anqaraga Erdo‘g‘anning inauguratsiyasi uchun kelgan.
Yerevanga ko‘ra, bu safar Armaniston bilan diplomatik aloqasi yo‘q Turkiya bilan munosabatlarni normallashtirish uchun ham, Baku bilan ziddiyatni hal qilish uchun ham zarur bo‘lgan.
“Pashinyan Istanbulga Erdo‘g‘anning taklifiga binoan keldi”, deb xabar beradi AFP.
Dolmabahche saroyidagi uchrashuvda Turkiya Prezidenti Isroil va Eronning o‘zaro hujumlari fonida Yaqin Sharqdagi xavflarni kamaytirish uchun boshqa liderlar bilan aloqalarga ishora qildi. Ma’lumki, Eron Turkiya va Armaniston bilan chegaradosh.
“Anqara nafaqat Kavkazda, balki butun mintaqada barqarorlikni o‘rnatish uchun barcha diplomatik vositalardan foydalanmoqda”, dedi Turkiya Prezidenti.
Erdo‘g‘an Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi muzokaralar chog‘ida erishilgan konsensusning muhimligini ta’kidladi. Istanbuldagi uchrashuv ishtirokchilari Janubiy Kavkazdagi tinchlik jarayoni masalasiga ham to‘xtaldi.
“Istanbulda Prezident Erdo‘g‘an bilan atroflicha fikr almashildi. Biz Armaniston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish jarayoni, mintaqaviy dinamika va barqaror muloqotning ahamiyatini muhokama qildik. Armaniston mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish tarafdori”, deb yozdi Nikol Pashinyan X ijtimoiy tarmog‘ida.
Armaniston hukumati matbuot xizmatining xabar berishicha, tomonlar, jumladan, Armaniston-Ozarbayjon munosabatlari masalasini muhokama qilgan. Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat tufayli 1993 yildan beri o‘zaro munosabatlari tarang bo‘lib kelgan Turkiya va Armaniston hali ham diplomatik munosabatlarni to‘liq tiklagani yo‘q.
BBC telekompaniyasi xabariga ko‘ra, hozirgi bosqichda Pashinyan hukumati Yerevan va Anqara o‘rtasidagi yaqinlashuvni Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tinchlik bitimi jarayonidan ajratib, bu ikki mavzuni ajratib olmoqchi.
Live
BarchasiAkademik Abdulla Ubaydullayev vafot etdi
12 dekabr