Erdo‘g‘an Moskvaga delegatsiya yuboryapti. Putin ular bilan ko‘rishmoqchi emas

Olam

image

Turkiya Milliy mudofaa vazirligi delegatsiyasi Ukrainadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish uchun xavfsiz yo‘lak yaratish masalasini muhokama qilish uchun shu hafta Rossiyaga borish niyatida. Bu haqda bugun, 19 iyun kuni Hukumatga yaqin “A Haber” telekanali Turkiya Prezidenti devonidagi manbaga tayanib xabar berdi. 

Ayni paytda TRT o‘tgan haftada Rossiya, Ukraina va Turkiya mudofaa vazirliklari orqali Ukraina portlaridan g‘alla eksport qilish masalasida favqulodda kanal tashkil qilgani haqida xabar bergan edi. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatlar ushbu kanal ishini amalga oshirish uchun general darajasidagi vakillarini tayinlaydi. Aytilishicha, uning yordamida g‘alla eksporti masalalari batafsil muhokama qilinadi, natijada bu jarayon mantiqiy yakuniga yetkaziladi. 

Bu orada Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning Matbuot kotibi Dmitriy Peskov davlat rahbari Turkiyadan kelayotgan delegatsiya bilan uchrashmasligini ochiqladi. Uning qayd etishicha, g‘alla eksporti uchun xavfsiz yo‘lak yaratish bo‘yicha aloqalar Mudofaa vazirligi orqali amalga oshiriladi. 

“Yo‘q. Bu Mudofaa vazirligi orqali [amalga oshiriladi]”, deydi Kreml vakili Putinning turk delegatsiyasini qabul qilish rejalari haqidagi savolga javob berar ekan.

8 iyun kuni Rossiya va Turkiya tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Mavlud Chavusho‘g‘li Anqarada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda “Don yo‘lagi”ni yaratish masalasini muhokama qildilar. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avvalroq Kiyev o‘z portlarini minalardan tozalasa, Moskva Ukraina donini olib ketayotgan kemalarning to‘siqsiz o‘tishini kafolatlashi, Berdyansk va Mariupol kabi Rossiya nazoratidagi portlar orqali tovarlar eksport qilinishini ta’minlashi mumkinligini aytgan edi. U jahon oziq-ovqat bozoridagi muammolar 2020 yilning fevralida boshlanganini eslatib, Rossiyaning Ukraina portlarida donni to‘sib qo‘ygani haqidagi bayonotlarni feyk deb atadi. 

Turkiya hukumati Ukraina g‘allasini Qora dengiz orqali yetkazib berish uchun xavfsizlik kafolatlarini ta’minlashi mumkinligini ma’lum qildi. TRT telekanali o‘tgan hafta Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma’muriyatidagi manbalarga tayanib, Ukraina g‘allasini yetkazib berish bo‘yicha yo‘l xaritasini amalga oshirish mexanizmi 80-90 foiz tayyor ekanligini va tegishli kelishuvlarga erishilsa, u amalga oshirilishi mumkinligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Turkiya

Baholaganlar

229

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing