Erdo‘g‘an koronavirusga qarshi ko‘p emlangani uchun tanqidga uchradi 

Olam

image
0:00
0:00
download

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an koronavirusga qarshi uchta doza vaksina olganini ma’lum qilganidan so‘ng tanqidga uchradi. Bunga sabab qilib mamlakatda vaksinalar yetishmayotgani ko‘rsatilgan. Bu haqda “The Times” nashri xabar bergan.  

Erdo‘g‘an Turkiyada birinchilardan bo‘lib koronavirusga qarshi emlangan. U 14 yanvar kuni Xitoyda ishlab chiqarilgan Sinovac vaksinasining birinchi dozasini olgan. Ushbu vaksinaning ikkinchi dozasini 11 fevralda qabul qilgan. U uchinchi dozani 10 martda qabul qilganiga qaramay, bu haqda oradan deyarli uch oy o‘tgandan so‘ng, ya’ni joriy haftada ma’lum qilgan. Biroq, Turkiya Prezidenti ushbu vaksina Sinovac yoki Turkiya ham sotib olgan Pfizer vaksinasi ekanligiga aniqlik kiritmagan. Turkiya yetakchisining ta’kidlashicha, u organizmidagi antitanalar miqdori oshish yoki oshmasligini tekshirish uchun uchinchi dozani olgan. 

Qayd etilishicha, Erdo‘g‘an qo‘shimcha dozani olgan paytda Pfizer vaksinasining birinchi dozasini olish huquqiga ega bo‘lganlar mamlakatda vaksinalar yetishmasligi sababli bir oy emas, balki 12 hafta kutishlariga to‘g‘ri kelishi aytilgan.  

“Fuqarolar uchun hatto bitta doza ham yo‘q, ammo Erdo‘g‘an uchun birdaniga uch doza bor”, degan Turkiyaning muxolifatdagi Respublika Xalq partiyasi parlament guruhi rahbari Engin O‘zko‘ch. 

Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunga qadar Turkiyada 30 millionga yaqin vaksina qo‘llanilgan bo‘lib, 12 million kishi — aholining 15,4 foizi ikkita doza vaksina olgan. Shu paytgacha kasallanganlar soni 5,27 mlndan oshgan. 47 882 nafar bemor vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, Turkiyada 31 may kuni koronavirus tarqalishini oldini olishga qaratilgan ba’zi cheklovlar yumshatilib, xususan, to‘ylarni o‘tkazishga ruxsat berilgandi


Maqola muallifi

Teglar

Erdo'g'an vaktsina

Baholaganlar

94

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing