Erdo‘g‘an Qorabog‘ bo‘yicha to‘rt tomonlama uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Qorabog‘ masalasi bo‘yicha to‘rt tomonlama uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda u kecha, 16 sentyabr kuni Nyu-Yorkka jo‘nab ketishi oldidan Istanbulda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Ha, bizning ustuvor vazifalarimiz, avvalroq rejalashtirilganidek, uch tomonlama muzokaralar olib borishdir. Lekin biz to‘rt tomonlama formatda uchrashishni ham taklif qildik. Ya’ni, bu men,Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan. Men uchrashib, birgalikda olib borilishi kerak bo‘lgan qadamlarni muhokama qilaylik, dedim. Hozirda bu taklifga na salbiy, na ijobiy javob olganimiz yo‘q”, degan Turkiya yetakchisi.

Uning ta’kidlashicha, to‘rt tomonlama uchrashuv tashabbusi muzokaralarni Qorabog‘ mavzusiga aloqador bo‘lmagan tomonlar emas, balki muammo bilan bog‘liq bo‘lgan davlatlar rahbarlari olib borishini ta’minlashga qaratilgan. 

"Men Aliyev bilan bu masalani yana muhokama qilaman. Biz aniq jihatlar ustida ishlaymiz va voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib boramiz", deydi Erdo‘g‘an.

Shu o‘rinda, qayd etish joizki, joriy yilning 12 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mazkur masalaga e’tibor qaratib, Armaniston rahbariyati haqiqatda Ozarbayjonning Qorabog‘dagi suverenitetini tan olganini va Pragadagi bayonotida buni qog‘ozga tushirganini aytgan. 

“Shu nuqtai nazardan, gumanitar komponent va Rossiya tinchlikparvar kuchlarining mintaqada qolish mandati bilan bog‘liq savollar tug‘iladi”, degan Putin.

Ma’lumot uchun, 2020 yil 27 sentyabrda Qorabog‘da vaziyat keskinlashib, faol janglar boshlangan. 2020 yil 9 noyabr kuni Putin, Aliyev va Pashinyan (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, Ozarbayjon va Armaniston tomonlari o‘z ishg‘ol qilgan pozitsiyalarida to‘xtagan, bir qator hududlar Baku nazoratiga o‘tgan, Rossiya tinchlikparvar kuchlari esa aloqa liniyasi bo‘ylab va Lochin yo‘lagida joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjon qo‘shinlarini Armaniston bilan chegarada jamlaganini iddao qilgandi. Ozarbayjon tomoni esa buni rad etib, aksincha Armaniston o‘z qo‘shinlarini Ozarbayjon bilan chegara yaqiniga to‘playotganini da’vo qilgandi. 11 sentyabr kuni Armaniston AQSH tinchlikparvar kuchlari bilan “Eagle Partner 2023” qo‘shma mashg‘ulotlarini boshlagan. Kecha, 16 sentyabr kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi respublika armiyasining Armaniston bilan chegaradagi pozitsiyalari o‘qqa tutilganini ma’lum qilgandi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Rajab Toyib Erdo'g'an Qorabog'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing