Erdo‘g‘an Qilichdoro‘g‘lining Rossiyaga qo‘ygan ayblovini “uyatli” deb atadi
Olam
−
13 may 2023
8511Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an prezidentlik saylovlaridagi asosiy raqibi Kamol Qilichdoro‘g‘lining Moskvani “fitna” va “soxta materiallar” tarqatishga aloqadorligi haqidagi ayblovlarini “uyatli” deb atadi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
“Qilichdoro‘g‘li endi Rossiyani bezovta qilmoqchi bo‘ldi. U Rossiya tomonining qandaydir “aralashuvi” haqida gapiryapti. Uyat senga! Uyat! Agar bugun men shunga o‘xshash gaplarni aytsam va Turkiyadagi saylov jarayonlarida AQSH, Germaniya, Fransiya yoki Buyuk Britaniyaning ma’lum “izi” haqida gapirsam, sening munosabating qanday bo‘ladi?”, deb so‘ragan Turkiya rahbari.
Shuningdek, Erdo‘g‘an xorijiy davlatlar bilan aloqada 20 yillik tajribaga ega ekanligini, ularning asl niyatlarini yaxshi bilishini eslatgan.
Bundan tashqari, u bir qator G‘arb OAVlarining muxolifatni qo‘llab-quvvatlovchi nashrlariga e’tibor qaratgan.
“Ular kimlarki, Turkiyadagi saylovlarga aralashadi. Qarorni ular [G‘arb] emas, balki turk xalqi qabul qiladi!”, deya ta’kidlagan siyosatchi.
Turkiya yetakchisiga ko‘ra, Qilichdoro‘g‘li va unga o‘xshaganlarning bayonotlari mualliflari mamlakat taraqqiyotini to‘xtatish va “Turkiyaning 100 yilligi” konsepsiyasi maqsadlariga erishishga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lgan kuchlardir.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Kamol Qilichdoro‘g‘li Rossiyani Turkiyadagi prezidentlik saylovi arafasida ijtimoiy tarmoqlarda soxta materiallar tarqatganlikda ayblagandi. Rossiya Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa uning ayblovini qat’iyan rad etib, bunday ma’lumotlar yolg‘onchilar tomonidan tarqatilayotganini ta’kidladi.
LiveBarchasi