Erdo‘g‘an qaridi, u ketishi kerak – Ekrem Imomo‘g‘li

Olam

image

Turkiyaning Istanbul shahri meri, muxolifatdagi “Respublika Xalq” partiyasi a’zosi Ekrem Imomo‘g‘li Anqarada so‘zlagan nutqida Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anning davri tugaganini aytdi. Bu haqda “Cumhuriyet” xabar berdi.

“Yangilanish va yoshartirish vaqti keldi. Bu hayotda ham, siyosatda ham qoida. Vaqti o‘tgan, batareyasi o‘lganlar ketadi. Baribir vaqti tugadi. U qarib qoldi. Lekin Ekremning dardi boshlandi”, degan Istanbul meri.

Shuningdek, u Erdo‘g‘an siyosati faqatgina yomonlik keltirganini ham aytib o‘tgan.

“Bu shaharda Respublika tashkil etilgan, ammo ular bu poytaxtni posilka bilan sotishga harakat qilishdi. Anqara aholisi ularga eng yaxshi javobni berdi. 2019 va 2024 yillarda bu yomonlikni qilganlarga eng yaxshi javobni Mansur Yavash berdi. Unga o‘z sevgim va salomlarimni yo‘llayman”, deya qo‘shimcha qilgan Imomo‘g‘li o‘z patiyadoshi bo‘lgan Anqara merini olqishlab.

Qolaversa, u davlatda boshqaruv saroy tizimiga o‘tib ketgani, Turkiyaga saroy emas, aksincha, parlament kerakligini ta’kidlagan.

“O‘sha yovuz aql, o‘sha buzuq tafakkur butun xalqimizni, buyuk majlisimizni mensimaydigan rejimni bu yurtga olib keldi. U davlat muassasalarini bir kishiga topshirdi. Ular bizning eng katta kafolatimiz bo‘lgan hokimiyatlar bo‘linishini yo‘q qildi. Ular Anqara va Turkiyani parlamentsiz qoldirdi. Biz bu davlatni saroy emas, parlament boshqarishini istaymiz”, degan u o‘z nutqida.

Ma’lumot uchun, Turkiyada prezidentlik saylovlari 2023 yilning may oyida ikki turda bo‘lib o‘tdi. 14 may kuni saylovlarning birinchi bosqichi boshlandi va oradan ikki hafta o‘tib, 28 may kuni mamlakatda saylovlarning ikkinchi bosqichi o‘z nihoyasiga yetdi. Erdo‘g‘an ikkinchi bosqichda ovozlarning 52,18 foizini qo‘lga kiritib, asosiy raqibi, muxolifat yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘lini ortda qoldirdi. Bu bilan Erdo‘g‘an yana 5 yil muddatga prezident lavozimida qoladigan bo‘ldi. Qilichdoro‘g‘li esa 47,82 foiz ovoz oldi. 

Joriy yilning 23 mart kuni esa Turkiyaning “Respublika Xalq” partiyasidan prezidentlikka nomzodni aniqlash bo‘yicha birlamchi saylovlar o‘tkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Ekrem Imomo'g'li “Respublika Xalq” partiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing