Erdo‘g‘an Istanbul uchun “jang”ga kiradigan nomzodini ochiqladi
Olam
−
08 yanvar 2024 8342 2 daqiqa
Turkiyaning sobiq Atrof-muhit va shaharsozlik vaziri Murod Kurum 31 mart kuni bo‘lib o‘tadigan mahalliy saylovlarda Istanbul merligi uchun kurashadi. Uning Turkiyaning eng yirik shahri merligiga hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasidan nomzod sifatida ko‘rsatilganini partiya rahbari, mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an e’lon qildi.
Erdo‘g‘an Istanbuldagi yig‘ilishda 11 shahar hokimligiga nomzodlar va 25 munitsipalitet rahbarlarini tanishtirar ekan, Istanbul merligiga nomzod Murod Kurumni ko‘rsatishini bildirdi.
47 yoshli Kurum 2018-2023 yillarda Turkiya Atrof-muhit vazirligini boshqargan. O‘tgan yilning may oyida u parlamentga saylangan va atrof-muhit masalalari bo‘yicha komissiyaga rahbarlik qilgan. U Istanbuldagi 1,5 million uy aholisini besh yil davomida zilzilalarga chidamli uylarga joylashtirish loyihasi mualliflaridan biri bo‘lib, 16 million kishilik shaharda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan kuchli zilzilaga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
31 mart kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlardagi asosiy qarama-qarshilik Istanbul va Anqara merlari lavozimlari uchun boshlanishi kutilmoqda. Erdo‘g‘anning partiyasi 2019 yilda, respublikaning eng yirik shahri va poytaxtida asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat Xalq partiyasi g‘alaba qozongan saylovlar uchun ulardan o‘ch olish niyatida.
Istanbul va Anqara shaharlarining amaldagi muxolifat merlari Ekrem Imomo‘g‘li va Mansur Yavash mart oyidagi saylovlarda yana ishtirok etadi.
Erdo‘g‘an 15 yanvar kuni Anqara meri lavozimiga nomzodni ochiqlash niyatida, o‘sha paytda hukmron partiyaning saylovoldi dasturi e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda shaharlar merligi uchun o‘tkazilgan saylovda o‘tgan 20 yilda birinchi marta Istanbul shahri Jumhuriyat Xalq partiyasi nomzodi qo‘liga o‘tdi. Unga qarshi kurashgan Erdo‘g‘an vakili – Binali Yildirim saylovning birinchi turida ham, ikkinchi turida ham mag‘lub bo‘ldi.
Live
Barchasi