Erdo‘g‘an Isroilni qoralayotganida uning mikrofoni o‘chirildi (video)
Olam
−
23 Sentabr 30554 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMT doirasida o‘tkazilgan “Falastin masalasiga yechim topish va ikki davlatli yechimni amalga oshirish” mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi chiqishida G‘azodagi harakatlari uchun Isroilni qoralay boshlagan paytda uning mikrofoni o‘chirildi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Prezident Erdo‘g‘an BMT Bosh Assambleyasi doirasida bo‘lib o‘tgan “Falastin muammosiga yechim topish va ikki davlat yechimini amalga oshirish” mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada nutqining 4-daqiqa 48-soniyasida mikrofon uzilib qolgan. Prezident ovozi yozib olinmayotganidan bexabar yana bir daqiqa atrofida gapirgan.
Tarjimon Prezidentning ovozi yetib kelmayotgani va hech narsani eshita olmayotganini aytgan.
“Xonimlar va janoblar men Prezident ovozini eshitmayapman. Texnik nosozlik bo‘ldi, uning ovozi yetib kelmayapti”, degan tarjimon.
Ushbu holat yuzasidan Turkiya Aloqa boshqarmasi munosabat bildirib, assambleyada davlat va hukumat rahbarlarining nutqi uchun 5 daqiqa, boshqa ma’ruzachilarga esa 3 daqiqa vaqt ajratilganini aytgan va beshinchi daqiqaning oxirida mikrofonning avtomatik ravishda o‘chirilganini bildirgan.
“Turkiya BMT Bosh Assambleyasida Prezidentning ma’ruzalari global kun tartibini shakllantiruvchi va keng ta’sir o‘tkazuvchi xabarlar sifatida diqqat bilan kuzatib borildi. Boshqa davlat rahbarlari kabi Prezident Erdo‘g‘anning ham nutq vaqti besh daqiqa bo‘lgan. Prezidentning so‘zlari to‘xtatilgani yo‘q”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Erdo‘g‘an BMT Bosh Assambleyasida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka jo‘nab ketish oldidan Istanbulda jurnalistlarga o‘z nutqida G‘azo sektoridagi gumanitar falokat va vahshiyliklarga alohida to‘xtalib o‘tishini, shuningdek, Turkiyaning mintaqada barqarorlik o‘rnatish borasidagi sa’y-harakatlari va xalqaro tinchlikni saqlashga qo‘shgan hissasiga to‘xtalashini aytgan edi.
Bunyod Keldiboyev