Erdo‘g‘an Isroil tashkil etilgan kunni falokat deb atadi
Olam
−
15 Oktabr
5129Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Isroil davlati tashkil etilgan kunni falastinliklar uchun falokat deb atadi va bu mamlakatni davlat deb atashning o‘zi noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi. U bu haqda Anqarada Adolat va taraqqiyot partiyasi tomonidan tashkil etilgan Falastin kelajagi konferensiyasida so‘z ochdi.
“Isroilning bosqin, vayronagarchilik va qatl siyosati uzluksiz 76 yildan beri davom etmoqda. Aslida Falastindagi qon to‘kish hech qachon to‘xtamagan. Isroil davlati 1948 yilda tashkil topdi. Isroilni davlat deb atash noto‘g‘ri bo‘lardi. 1948 yilning 14 mayida falastinliklar ko‘z o‘ngidagi birinchi katta falokat bo‘ldi. Isroil kuchlari qariyb bir million falastinlikni quvib chiqardi va ularga tegishli bo‘lgan 675 ta qishloq va shaharchalarni vayron qildi”, dedi Erdo‘g‘an.
Turk yetakchisining ta’kidlashicha, hozirda Birlashgan Millatlar Tashkilotining a’zosi sifatida yagona rasmiy chegaralari noma’lum bo‘lgan davlat bu – Isroil. Shuningdek, Erdo‘g‘an bunga BMT Bosh Assambleyasida butun dunyoga e’tibor qaratganini va 1947 yildan buyon o‘zgarib kelayotgan Isroil xaritasini namoyish qilib, Isroilning chegaralari qanday ekanligi haqida savol berganini ta’kidlagan.
“Bu savolga hech kim javob bera olmadi”, deydi Erdo‘g‘an.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil rahbariyati G‘azoni bosib olish bilan kifoyalanmasligini ko‘rsatgan va Livanga ham hujum qilgan. Erdo‘g‘anga ko‘ra, agar Isroil to‘xtatilmasa, uning tajovuzkorligi qanchalik kengayishini oldindan aytib bo‘lmaydi.
“Bizning mamlakatimizga yaqinlashayotgan xavfni ko‘rmayotganlar bor, lekin biz bu xatarlarni ko‘ryapmiz va barcha ehtiyot choralarini qilyapmiz”, degan Erdo‘g‘an.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Erdo‘g‘an Turkiya razvedka xizmatlari Isroilning mamlakatga qarshi o‘tmishdagi va kelajakdagi barcha harakatlarini kuzatayotganini ma’lum qilgan edi.
LiveBarchasi
AQSH dollarining rasmiy kursi pasaydi.
27 dekabr