Erdo‘g‘an g‘alabasini xorijiy davlatlar rahbarlari bilan nishonlamoqchi
Olam
−
30 may 2023
8191Turkiyaning qayta saylangan Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an joriy yilning 2 iyun kuni o‘z qarorgohida saylovdagi g‘alaba munosabati bilan tashkil etiladigan tantanali ziyofatda mamlakatlar rahbarlari bilan uchrashib, xorijiy davlatlar rahbarlarining tabriklarini qabul qiladi. Bu haqda “Hurriyet” gazetasi xabar berdi.
Nashr aynan qaysi davlatlar rahbarlari kelishi haqida batafsil ma’lumot bermagan.
Erdo‘g‘an 3 yoki 4 iyun kuni parlamentga qasamyod qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, Turkiya rahbari Anqarada yangi davr faoliyati, xususan, iqtisodiyot bilan bog‘liq muhim bayonotlar beradi.
“Ushbu haftada u o‘z xodimlari bilan tez-tez uchrashib turadi va 2 iyunga qadar yangi muddatli vazirlar mahkamasini tuzadi”, deyiladi nashr xabarida.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 may kuni Turkiyada prezidentlik saylovining ikkinchi turi bo‘lib o‘tgandi. Oliy saylov kengashi raisi Ahmet Yener saylov byulletenlarining mutlaq ko‘pchiligini sanab chiqish natijalariga ko‘ra, amaldagi davlat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida g‘olib bo‘lganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, byulletenlarning 99,43 foizini sanab chiqish natijalariga ko‘ra, Rajab Toyib Erdo‘g‘an 52,14%, Kamol Qilichdoro‘g‘li esa 47,86% ovoz olgan. Kecha, 28 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Erdo‘g‘anga telefon qilib tabriklagandi. Erdo‘g‘an esa Istanbuldagi chiqishida Mirziyoyev lozim bo‘lsa Turkiyaga yetib borishini bildirganini aytdi. AQSH Prezidenti Bayden, Rossiya Prezidenti Putin ham Erdo‘g‘anni g‘alabasi bilan qutladi.
LiveBarchasi