Erdo‘g‘an Dubayda G‘azoning mojarodan keyingi holatini muhokama qilmoqchi
Olam
−
30 noyabr 2023
2799Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 30 dekabr kuni Dubayda ochiladigan Jahon iqlim sammiti doirasida G‘azo sektorining mojarodan keyingi holatini muhokama qiladi. Bu haqda Turkiyaning hukumatparast “Hürriyet” gazetasi xabar berdi.
“G‘azoning urushdan keyingi holati Erdo‘g‘an BAAda muhokama qiladigan masalalardan bo‘ladi”, deb yozadi sharhlovchi Abdulqodir Selvi.
Maqola muallifining qayd etishicha, Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaroni hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlar doirasida barqaror o‘t ochishni to‘xtatish va Falastin anklavining mojarodan keyingi holatini ta’minlash masalalari muhokama qilinmoqda. AQSH va Isroilning Falastin muammosini hal qilish rejalari bilan bir qatorda Turkiya boshchiligidagi mintaqa davlatlarining ham rejasi bor.
“G‘azo mintaqa aholisi tomonidan nazorat qilinishi kerak. HAMAS ishtirokisiz hech qanday formula muvaffaqiyatga erishish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Birinchi o‘rinda Falastin davlatini yaratishga ustuvor ahamiyat berilishi kerak, ikki davlatning yonma-yon yashashi tamoyiliga asoslangan yechimsiz qon to‘kilishiga barham berib bo‘lmaydi”, deb yozadi Turkiya Prezidenti ma’muriyatiga yaqin jurnalist.
Turkiya hukumati avvalroq Falastin muammosini hal qilishning yagona yo‘li 1967 yildagi poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini tan olish ekanligini bir necha bor ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, bugun, 30 noyabr kuni Yaqin Sharqning moliyaviy va texnologik markazi Dubayda 140 dan ortiq davlat rahbarlari ishtirokida Butunjahon iqlim sammiti ochiladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etishi ma’lum qilingandi. U Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning taklifiga binoan 30 noyabr – 2 dekabr kunlari Dubay shahrida bo‘ladi.