Erdo‘g‘an BMTni Isroilga qarshi qurol embargosiga chaqirdi
Olam
−
19 Oktabr
2811Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Istanbul shahrida “3+3” formatidagi davlatlar Tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvda Isroil mojaroni mintaqaga yoyish maqsadida provokatsiyalar uyushtirayotganini aytdi va BMTning Isroilga qurol embargosi Tel-Avivni to‘xtatish uchun samarali qadam bo‘lishini ta’kidladi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Uchrashuvda Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jeyxun Bayramov, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi va Armaniston Tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan ishtirok etdi. Yig‘ilishda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan, Turkiya Prezidenti ma’muriyatining aloqalar bo‘limi rahbari Faxrettin Altun, Prezidentning Tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha bosh maslahatchisi Akif Chig‘atoy Qilich ham ishtirok etgan. Erdo‘g‘an “3+3” formati mintaqaviy muammolarni muloqot orqali hal etish nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda yaratilganini ta’kidlagan. Turkiya rahbari “Janubiy Kavkazning qiyofasi mustahkam tinchlik sari o‘zgarib borayotganidan” mamnunligini bildirgan.
Turkiya Prezidentining Tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvida Janubiy Kavkazda barqaror tinchlik jarayonini ta’minlash, mintaqaviy va global muammolar ham muhokama qilingan. Jumladan, Prezident Erdo‘g‘an Yaqin Sharqdagi vaziyatga to‘xtalar ekan, Isroil mojaroni mintaqaga yoyish maqsadida provokatsiyalar uyushtirayotganini aytdi. U o‘t ochishni to‘xtatmasdan o‘tayotgan har bir kun mintaqaviy urushni yanada jiddiylashtirishi haqida ogohlantirgan. Prezident BMTning Isroilga qurol embargosi Tel-Avivni to‘xtatish uchun samarali qadam bo‘lishini ta’kidladi. Turkiya buning uchun to‘xtamasdan harakat qilishini ham eslatgan.
Prezident Erdo‘g‘an mamlakatning Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida doimiy tinchlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqadagi voqealar munosabati bilan undagi mamlakatlar o‘rtasida hamkorlik va hamjihatlikni kuchaytirish zarurati paydo bo‘lmoqda. Davlat rahbari “3+3” platformasining institutsional tuzilmaga aylantirilishi muloqot mexanizmini yanada samaraliroq qilishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Isroil davlati tashkil etilgan kunni falastinliklar uchun falokat deb atagandi va bu mamlakatni davlat deb atashning o‘zi noto‘g‘ri ekanini ta’kidlagandi. Turk yetakchisining ta’kidlashicha, hozirda Birlashgan Millatlar Tashkilotining a’zosi sifatida yagona rasmiy chegaralari noma’lum bo‘lgan davlat bu – Isroil. Shuningdek, Erdo‘g‘an bunga BMT Bosh Assambleyasida butun dunyoga e’tibor qaratganini va 1947 yildan buyon o‘zgarib kelayotgan Isroil xaritasini namoyish qilib, Isroilning chegaralari qanday ekanligi haqida savol berganini ta’kidlagandi.
LiveBarchasi