Erdo‘g‘an Armaniston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash shartini aytdi 

Olam

image

Armaniston Ozarbayjon bilan muammolarini hal qilsa, Turkiya uchun u bilan munosabatlarni normallashtirishga hech qanday to‘siq qolmaydi. Bu haqda kecha, 26 oktyabr kuni Ozarbayjonga tashrif buyurgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma’lum qildi.

“Uzoq tinchlik o‘rnatish uchun sharoitlar hozir har qachongidan ham qulayroq. Bu masalada Armaniston Ozarbayjon bilan muammolarni hal qilish uchun samimiy iroda ko‘rsatishi kerak. Agar shunday qilsa, Turkiya va Armaniston o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirishga hech qanday to‘siq qolmaydi”, degan Erdo‘g‘an. 

Uning ta’kidlashicha, Turkiya ishtirokida Tog‘li Qorabog‘ hududida amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalari, avtomobil va temir yo‘llar magistrallari mintaqadagi barcha davlatlar uchun foydali iqtisodiy va savdo imkoniyatlarini yaratadi. 

“Bundan Ozarbayjonning barcha qo‘shnilari, jumladan Eron, Gruziya va Armaniston ham naf ko‘radi”, degan Turkiya rahbari. 

Ma’lumot o‘rnida, kecha, 26 oktyabr kuni Erdo‘g‘an va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Qorabog‘dagi Fuzuli xalqaro aeroportini ochdi. Shuningdek, ular Ahmedbeyli — Horadiz — Minjivon — Agbend avtoyo‘li qurilishini boshlash va Turkiya ko‘magida Zangilonda barpo etiladigan “aqlli qishloq xo‘jaligi parki”ga poydevor qo‘yish marosimida ham ishtirok etdi. 

Qorabog‘ mojarosi 

2020 yilning 27 sentyabr kuni Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Qorabog‘ urushi qayta olovlandi. 

Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari 2020 yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi. 

Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytdi. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi. 

Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi. 

Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi.  Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi. 

Noyabr oyiga kelib Ozarbayjon Qurolli Kuchlari Tog‘li Qorabog‘dagi muhim hududlarni, jumladan strategik jihatdan ahamiyatli bo‘lgan Shusha shahrini o‘z nazorati ostiga oldi. Ushbu harbiy harakatlar 2020 yilning 9 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon Respublikasi Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasida imzolangan qo‘shma bayonot bilan o‘z yakuniga yetdi. Sulh bitimiga ko‘ra, 10 noyabr soat 00:00 dan boshlab Qorabog‘da harbiy harakatlar butunlay to‘xtatildi, Armaniston Tog‘li Qorabog‘dagi 3 ta hududni Ozarbayjonga qaytarish majburiyatini oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Ozarbayjon Armaniston

Baholaganlar

54

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing