Erdo‘g‘an Aliyevga ham she’r o‘qib berdi (video)

Olam

image

Bugun, 28 may kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ozarbayjonning Lochin shahrida 28 may – Mustaqillik kuni munosabati bilan o‘tkazilgan konsertda Ozarbayjon xalq shoiri Samad Vurg‘unning she’ridan parcha o‘qidi. Bu haqda “Report” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Erdo‘g‘an she’rni o‘qishdan oldin nutqida Ozarbayjon va Turkiya doimiy do‘st ekanini ta’kidlagan. 

“Biz har doim Ozarbayjon yonida bo‘lamiz. Robbim Ozarbayjon-Turkiya aka-uka do‘stligini doimo saqlasin!”, degan Erdo‘g‘an. 

Turkiya rahbarining “Ozarbayjon” nomli she’rdan o‘qigan ikki bayti quyidagicha:

Xalq biladi, san manimsan, 
Yurtdosh, uyim, maskanimsan. 
Sen jonajon vatanimsan!
Senga fido bo‘lsin bu jon.
Ozarbayjon, Ozarbayjon!

Men bir farzand, sen bir ona,
Shu deb senga bog‘landim-a,
Qaysi diyor, qay makonga,
Uchar bo‘lsam o‘yim sensan,
Yurtim, kunim, uyim sendan! 

Qolaversa, Erdo‘g‘an o‘zining ijtimoiy tarmoqlarida Ozarbayjonni Mustaqillik kuni bilan tabriklagan. 

“Hayotlarini qurbon qilgan, Ozarbayjon mustaqilligini himoya qilgan, ozodlik va kelajak yo‘lida olib borilgan shonli kurashlarni shahidliklari bilan sharaflagan barcha qahramonlarimizni rahmat va hurmat bilan yod etaman”, deya yozgan Erdo‘g‘an. 

Ma’lumot uchun, Samad Vurg‘un – mashhur Ozarbayjon shoiri, dramaturgi, adabiyotshunosi va siyosiy arbobi bo‘lib, 1906 yil 21 martda Ozarbayjonning Gazax tumanidagi Yuqori Salahli qishlog‘ida tug‘ilgan va 1956 yil 27 mayda Baku shahrida vafot etgan. U Sovet davri Ozarbayjon adabiyotining yetakchi namoyandalaridan biri hisoblanadi. Shoirning ijodi 1930–1940 yillarda ayniqsa faol bo‘lgan. 1935 yilda u 7 ta epik asar va 100 dan ortiq she’r yozgan. Asarlarining asosiy mavzusi vatanparvarlik, xalq sevgisi, ozodlik, ijtimoiy adolat va insoniylik g‘oyalari bo‘lgan. “Ozarbayjon” nomli mashhur she’ri bugungi kunda ham xalqning milliy faxri sifatida eslanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 30 aprel kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari oldida nutq so‘zlagandi. Erdo‘g‘an o‘zining chiqishi avvalida O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning “O‘zbegim” she’rini yoddan aytib, yig‘ilganlarning e’tirofiga sazovor bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing