Erdo‘g‘an al-Farg‘oniy va Beruniy nomini hurmat bilan tilga oldi
Olam
−
12 fevral 2021
7523Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiyaning Milliy kosmik dasturi yo‘l xaritasi taqdimot marosimida O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan bir qator allamolar nomini hurmat bilan tilga oldi.
“Al-Farg‘oniy quyoshning o‘z harakatiga ega ekanini kashf etgan birinchi turkiy va musulmon astronom edi. Andromed galaktikasini esa birinchi bo‘lib Al-Sofiy kuzatgan. Geodeziya fanining asoschisi Beruniy bo‘lib, u Nyutondan 7 asr oldin tortishish g‘oyasini ifoda etgan, Quyosh harakatlaridan fasllar boshlanishini hisoblab chiqqan va o‘zi yashagan asrga nom bergan. Biz bu olimlarni yetishtirgan tuproqlarning avlodlarimiz”, deydi Erdo‘g‘an.
Davlat rahbari so‘zida davom etarkan, so‘nggi 100 yillikda sharq bilim borasidagi ustunlikni g‘arbga boy berganini, bugun esa qaytadan oyoqqa turish, ajdodlarga munosib bo‘lish payti kelganini ta’kidlaydi.
“Biz hali juda ko‘p ish qilishimiz kerak. Ilf-fandagi ustunlik g‘arb tomon yo‘nalish olib, ularni rivojlantirganini bilamiz, albatta. Biz geografik kashfiyotlar bilan o‘zgargan kuchlar muvozanatini kech angladik va buning uchun katta badal to‘ladik. Ammo bugun dunyo yangi o‘zgarish, yangi evrilishlar arafasida turibdi”, deydi Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘an milliy o‘zlikni anglash xususidagi fikrini davom ettirib, bugungi yangi davrda kuchlar muvozanatini belgilash kosmik kashfiyotlar va yangi texnologiyalar orqali bo‘lishini urg‘uladi.
Ayni vaqtda Erdo‘g‘an boshchiligidagi Turkiya ilk bor kosmik kemasini oyga qulatish ustida ish boshlagan. Prezident o‘tgan oyda SpaceX rahbari Ilon Mask bilan telefon orqali muloqot qilib, hamkorlik qilish yuzasidan fikr almashgandi.