Erdo‘g‘an 66 yoshni qarshiladi. Mirziyoyev telefon orqali uni tabrikladi
Jamiyat
−
26 fevral 2020
4022Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 66 yoshni qarshiladi. Bugun, 26 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida O‘zbekiston rahbari Turkiya yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga baxt-saodat va yangi zafarlar, do‘st Turkiya xalqiga esa farovonlik tiladi.
Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning mamlakatni barqaror rivojlantirish, xalqaro maydondagi nufuzini oshirishdagi tarixiy o‘rni alohida qayd etildi. Davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi yuksak baholandi.
Prezidentlar shu oy Turkiyaga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrifning samarali natijalarini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Muloqot chog‘ida keng ko‘lamli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston va Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va o‘z vaqtida amalga oshirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, Prezidentlar mintaqaviy hamkorlik hamda xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Ma’lumot o‘rnida, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 1954 yilning 26 fevral kuni Istanbul shahrida tavallud topgan.