Erdo‘g‘anning Mirziyoyevni aeroportdan kuzatgani O‘zbekistonda alohida voqealik sifatida baholanyapti

Intervyu

image

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 19-20 fevral kunlari rasmiy tashrif bilan Turkiya Respublikasida bo‘ldi. O‘zbekiston rahbari Turkiya Respublikasi Prezidenti devoni huzuridagi Xalq kutubxonasining ochilish marosimida faxriy mehmon sifatida ishtirok etib, nutq so‘zladi. Dunyoning turli hududlarida qurolli to‘qnashuvlar, o‘zaro raqobat va yer osti boyliklari uchun kurashlar ketayotgan bir vaqtda Mirziyoyev va Erdo‘g‘anning ilm-ma’rifat o‘chog‘i sanalmish kutubxonani ochib berishi va dunyoga yana bir bor ma’rifat deya yuzlanishi alohida voqelik sifatida qabul qilinyapti. 

Qolaversa, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an rafiqasi Emina Erdo‘g‘an bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevni va birinchi xonim Ziroat Mirziyoyevani Anqaraning “Esonbug‘a” aeroportidan samolyot trapi yonigacha kelib, kuzatib qo‘ydi. Bu esa davlat rahbarining protokoliga zid. Ya’ni Prezidentlar o‘rnatilgan qoidalarga ko‘ra, boshqa davlat rahbarini aeroportda kutib olmaydilar va kuzatmaydilar. Faqat ayrim istisno holatlar bo‘lishi mumkin va bu Prezidentlarning shaxsiy irodasiga bog‘liq. Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘an esa yaqin-yaqingacha hech bir Prezidentni aeroportda kuzatib qo‘ymagan, hatto, Putinni ham. Rajab Toyib Erdo‘g‘anning O‘zbekiston rahbariga ko‘rsatgan hurmat va ehtiromi esa O‘zbekiston diplomatiyasi tomonidan alohida ishora sifatida qabul qilinmoqda.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev mazkur holatga munosabat bildirarkan, eng avvalo O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarining tarixi va bugungi holatiga baho berdi.  

“Darhaqiqat, tarixdan O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar alohida xarakterga ega bo‘lgan. O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan davlat ham Turkiya bo‘lgan. Ular sobiq ittifoq davrida ham “agar sizlar mustaqillikni e’lon qilsangiz, biz buni so‘zsiz tan olamiz va kerakli yordamni beramiz”, degan gapni aytishgan. Qolaversa, O‘zbekistonda birinchi elchixonani ochgan xorijiy mamlakat ham Turkiya bo‘lgan.

U vaqtlar Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida ishlar edim. Mustaqillikning birinchi oylari, yillari umuman noma’lum edi. Qanday qilib hayot quramiz, qanday shartnomalar tuzish kerak, sotib olingan tovarlarni qanday qilib olab kelamiz, pulni qayerdan olamiz, uni qanday qilib o‘tkazamiz, degan savollar bor edi. O‘sha vaqtda Turkiya bizga 600 million dollarlik kredit liniya ochgan va eng kerakli narsalar – don, dori-darmon, yog‘, shakarni olib kelishga imkoniyat yaratib bergan. Keyinroq, ayrim sabablarga ko‘ra, oramizda qandaydir sovuqlik paydo bo‘ldi. Biz esa tashqi siyosatimizda adovatlar, qandaydir tushonmovchilik va kelishmovchiliklarni kechib o‘tishni uddalay olmadik. Ko‘p harakat bo‘lganiga qaramasdan, ko‘p narsani yo‘qotdik.  

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Turkiya bilan munosabatlarni tiklash, nafaqat tiklash, balki uni sifat nuqtai nazaridan yangi pog‘onaga ko‘tarish masalasini qo‘ydilar”, deydi Safoyev. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga amalga oshirgan ikkinchi tashrifi davomida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishi o‘tkazildi. Safoyev o‘z nutqida ushbu yig‘ilishga ham e’tibor qaratib, shunday deydi:  

“Turkiyaga bo‘lgan oxirgi tashrifning natijasini sarhisob qiladigan bo‘lsak, ikki davlat o‘rtasida strategik hamkorlik kengashi tuzildi. Buning pretsedenti yo‘q. Ya’ni bu ikki davlatning uzoq muddatli, eng fundamental masalalarini qamrab oluvchi, nafaqat iqtisodiy, xavfsizlik, tashqi siyosat, madaniy, parlamentlararo masalalarni ko‘rib chiqadigan tuzilma paydo bo‘ldi. Bu juda katta yutuq”.

Ma’lumki, 2018 yilning aprel oyida Turkiya Respublikasi Prezidenti Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an rafiqasi Emina Erdo‘g‘an bilan O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi. Erdo‘g‘an Toshkentdagi asosiy uchrashuvlardan so‘ng Buxoro shaharidagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qildi. Unga Prezident Shavkat Mirziyoyev va birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva hamrohlik qildi. So‘ng Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan Turkiya Prezidentini Buxoro aeroportidan kuzatib qo‘ydi. 

Sodiq Safoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Shavkat Mirziyoyevga ko‘rsatgan hurmati va ehtiromini alohida baholadi va shunday dedi: 

“Turkiyaning jahonda tutgan o‘rni nihoyatda baland. Umuman olganda, 100 yilliklar davomida Turkiya mavqei baland davlat bo‘lib kelgan. Uning protokoli ham juda charxlangan va ular bunga bekamu-ko‘st rioya qilishadi. Ammo, Prezidentimiz tashriflari davomida bu protokol bir necha bor chetga qo‘yilib, bevosita insoniy munosabatlar yuzaga chiqdi.  

Bunga to‘g‘ri baho berish uchun bir narsani aytib o‘tmoqchiman. Bugungi kunda Yaqin Sharqda nihoyatda murakkab vaziyat kuzatilmoqda. Turkiya bu yerga bevosita jaob qilingan davlat. Turkiyaning bugun qanday muammolarni hal qilayotganini, hatto, tasavvur qilish qiyin. Mamlakatning ichida millionlab qochoqlar bor. Bunga boshqa mamlakat bordosh bera oladimi yo yo‘qmi, bunisini bilmayman. Bu davlat harbiy mojarolarda bevosita ishtirok etmoqda. Shunga qaramasdan, davlat rahbari O‘zbekiston Prezidentiga alohida e’tibor qilib, nihoyatda mashkul masalalarni chetga surib, Prezident Mirziyoyev bilan shaxsan o‘zi shug‘ullanib, hatto, protokolga rioya qilmasdan uni kuzatishga keldi. Bu bugungi O‘zbekiston, uning lideriga bo‘lgan munosabatni yaqqol ko‘rsatuvchi haqiqat”. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasiga ilk davlat tashrifini 2017 yilning oktyabr oyida amalga oshirgan edi. 2018 yil esa Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an uch kunlik tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. O‘shanda Prezident Mirziyoyev “Buyuk turk millatlarining Vatana bu. Biz endi birlashishimiz shart. Oramizga qandaydir ishonchsizlik va sovuqlik tushib qoldi. Ikkimiz bir bo‘lib bu muzlarni eritdik”, degan edi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Turkiya Shavkat Mirziyoev Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

280

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing