Erdo‘g‘an hamon alamidan chiqqani yo‘q. U Shvetsiyaning umidlarini puch qilmoqchi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Shvetsiyadan terrorizmga qarshi qonunlarni amalda qo‘llashini kutmoqda, Anqaraning Stokgolmning NATOga kirish bo‘yicha arizasini ma’qullashi aynan shunga bog‘liq. Bu haqda u bugun, 14 may kuni Ozarbayjondan qaytgach, bergan intervyusida ma’lum qildi. 

“Vilnyus (Litva)da NATO sammiti bo‘lib o‘tadi. Agar fors-major holatlar bo‘lmasa, men unda ishtirok etaman. Shvetsiyaning sammit bilan bog‘liq umidlari (alyansga kirish to‘g‘risida qaror qabul qilishi – tahr.) biz ularni ma’qullashimizmi anglatmaydi. Birinchidan, Shvetsiya o‘z majburiyatlarini bajarishi kerak. Mamlakat qonunlari va konstitutsiyasida huquqni muhofaza qilish organlarining huquqlari ko‘rsatib o‘tilgan. Ulardan foydalanish kerak. Agar ular qo‘llanilmasa, Vilnyusda biz [Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi masalasida] ijobiy javob bera olmaymiz”, deydi Erdo‘g‘an. 

Prezidentning eslatishicha, aynan bugun Turkiya poytaxti Anqarada Shvetsiyaning Turkiya shartlarini bajarishdagi muvaffaqiyati bo‘yicha to‘rt tomonlama mexanizm yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.  

“Uni bosh maslahatchim Akif Chig‘atoy Qilich olib boradi. U ishtirokchilarga o‘z prezidentining fikrini, xususan Vilnyusda boshqacha kutish befoyda ekanini yetkazadi”, deydi Turkiya rahbari. 

U, shuningdek, Shvetsiyani yaxshi niyat bilan harakat qilishga va terrorchilar namoyishlar o‘tkazmasligini ta’minlashga chaqirdi.

Stokgolmda bo‘lib o‘tayotgan Doimiy qo‘shma taraqqiyot mexanizmi yig‘ilishida NATO Bosh kotibi idorasi rahbari Stian Yenssen, Shvetsiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Yan Knutssonv va Finlyandiya tashqi ishlar vazirining doimiy o‘rinbosari Yukka Salovaara ishtirok etmoqda. 

Shvetsiya va Finlyandiya 2022 yilning may oyida NATOga qo‘shilish uchun ariza bergan, biroq Turkiya PKK (Kurdiston ishchi partiyasi), PYD (Suriya Demokratik Ittifoqi) va YPG (Xalq mudofaa bo‘linmalari) tashkilotlarini terrorchi deb e’lon qilishni va 2016 yilda terrorchilik yoki davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etishda ayblanganlarni ekstraditsiya qilishni talab qilib, qo‘shilish jarayoniga to‘sqinlik qilgan. 

2022 yilning 28 iyun kuni Madridda NATO sammiti boshlanishidan oldin Erdo‘g‘an, o‘sha paytdagi Shvetsiya Bosh vaziri Magdalena Andersson, Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo va NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Memorandum imzolandi, bu o‘ziga xos yo‘l xaritasi bo‘lib, Stokgolm va Xelsinkiga NATOga qo‘shilish imkonini berdi. Joriy yilning 31 mart kuni Turkiya parlamenti Finlyandiyaning NATOga kirishi haqidagi protokolni tasdiqladi, mamlakat 4 aprelda alyansga a’zo bo‘ldi.

Erdo‘g‘anni g‘azablantirgan mazax

Eslatib o‘tamiz, 12 yanvar kuni Turkiyada faoliyati taqiqlangan va terrorchi deb topilgan Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) tarafdorlari tomonidan Stokgolmda o‘tkazilgan mitingda Erdo‘g‘anga nisbatan haqoratli so‘zlar aytildi. Bundan tashqari, mahalliy hokimiyat binosi oldidagi ustunga Erdo‘g‘anga o‘xshatib yasalgan qo‘g‘irchoq oyog‘i osmondan holatda osib ketildi. Aftidan, buni o‘zini “butun Kurdiston bo‘ylab inqilobiy harakat bilan birdamlik va almashish tarmog‘i” deb ataydigan shved tashkiloti faollari amalga oshirgan. Ular Erdo‘g‘anni Italiyaning fashist diktatori Benito Mussolini bilan tenglashtirmoqchi bo‘lgan, uning jasadi 1945 yilda Milanda teskari osilgan edi.  

Turkiya hukumatining ko‘plab siyosatchilari namoyishni keskin qoraladi. Turkiya prokuraturasi Erdo‘g‘anning advokati jinoiy ish bo‘yicha ariza berganidan so‘ng tergov boshladi.  Turkiya parlamenti spikeri Mustafo Shentop Shvetsiya parlamenti rahbarining 17 yanvarga mo‘ljallangan Anqaraga tashrifini bekor qildi, unda shimoliy mamlakatning NATOga kirishi masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan edi. 

Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson Erdo‘g‘anning shaxsiga qaratilgan bu harakatni qoraladi. 

“Bu Shvetsiyaning NATOga kirishini sabotaj qilishga qaratilgan o‘ta jiddiy voqea edi”, deydi u


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing