Erdo‘g‘an ham ertaga Vengriyaga boradi
Olam
−
19 avgust 2023
6035Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan ertaga, 20 avgust kuni Budapeshtga bir kunlik tashrif bilan boradi. Bu haqda Erdo‘g‘an ma’muriyatidagi manbalarga tayanib, TRT xabar berdi.
Aytilishicha, muzokaralar chog‘ida birinchi navbatda Ukraina inqirozini hal qilish, don bitimi bekor qilingandan keyin Qora dengizda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish masalalari muhokama qilinadi.
Shuningdek, uchrashuvda joriy yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 100 yilligi nishonlanadigan ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik masalalarini ham har tomonlama muhokama qilish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, suhbatda yil oxirida Budapeshtda bo‘lib o‘tadigan Vengriya-Turkiya oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilinadi.
Ma’lumot uchun, Erdo‘g‘an oxirgi marta Vengriyaga 2019 yilning noyabr oyida tashrif buyurgan. Joriy tashrif Vengriyaning milliy bayrami - avliyo Ishtvan kunida amalga oshiriladi. Turkiya rahbari Budapeshtda bayram tadbirlarida ishtirok etadigan bir qator davlat rahbarlari bilan ham muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 19 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Budapeshtga jo‘nab ketgan edi. U ham tashrif davomida Vengriyaning davlat bayrami – avliyo Ishtvan kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etishi aytildi.
LiveBarchasi