Er va xotin munosabatlarida uchinchi shaxslarga ruxsat yo‘q

Jamiyat

Bismillahir rohmanir rohiym. Alloh taologa hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga salotu durudlarimiz bo‘lsin. Assalomu alaykum va rahmatullohu va barokatuh. 

Azizlar, sizlar bilan ba’zi bir masalalarning axloqiy jihatlarini gaplashib kelmoqdamiz. Bugungi suhbatimiz esa ayol kishining yangi uyidagi shaxslar, ya’ni turmush o‘rtog‘ining yaqinlari bilan o‘zaro munosabatlari haqida bo‘ladi. Alloh taolo ushbu suhbatimizni barchamizga manfaatli qilsin. 

Qiz bola turmushga chiqqanidan keyin turmush o‘rtog‘ining uyida eridan tashqari qaynota, qaynona, qayni singil va yana boshqa yaqinlari ham bo‘ladi. Shar’iy jihatdan qaraydigan bo‘lsak, ayol kishiga mas’ul odam, ayolning itoati vojub bo‘lgan shaxs bu uning eridir. Shariatimizda ba’zi insonlarni ba’zi insonlarga itoat qilishi buyurilgan. Bu farzand uchun ota-onaga, ayol uchun esa turmush o‘rtog‘iga itoat qilishdir. 

Oilaga yangi tushgan kelin “Erimga itoat qilishim kerak, uning xizmatida bo‘lishim lozim”, degan fikrda keladi. Ammo qarasaki, turmush o‘rtog‘ining ota-onasi, aka-ukasi yoki opa-singlisi ham bo‘ladi. Shu sababli ham ayol kishi ko‘p holatlarda ikki o‘t orasida qolib ketmoqda. Bundan tashqari, chetdagi uchinchi shaxslarning oilaga aralashishi ham kuzatiladi. Masalan, kuyovning opalari, uzoq qarindoshlari, hattoki yosh ukalarining ham kelinga ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘layotgan holatlar ko‘p oilalarda uchrab turibdi.

Bunday holatlarda ayol kishi nima qilishi kerak?

Agarda shunday holat kuzatilsa, ayol kishi o‘z huquqlarini bilib olishi lozim. Kelin yangi xonadonga garchi kelin bo‘lib borgan bo‘lsa-da, uydagi qaynota, qaynonasi faqatgina turmush o‘rtog‘i uchun ota va onadir. O‘zbekchilikda qachonki ukalari bo‘lmasa, uylangan yigit kishi ota-onasidan alohida uy qilib chiqib ketmaydi va ular bilan yashaydi. Agarda ayol kishi erning uyida alohida tarzda yashaganda edi, unda vaziyat boshqacha bo‘lardi. Uy sohiblari qaynota va qaynona ekan, ayol kishi ularning ham xizmatida bo‘lishi talab qilinadi. Avvalo, ularni ota-ona o‘rnida ko‘rib, itoat qilishi, hurmat qilishi va ma’lum bir ma’noda xizmatlarini ham ado etishi kerak. Lekin bu itoat chegarada bo‘lishi lozim.

Oila qurishdan asosiy maqsad nima?

Oiladan eng asosiy maqsad va eng muhim narsa bu– er va xotin munosabatlari. Ushbu maqsadga keyinchalik farzandlar tarbiyasi va ularning kelajakda yaxshi inson bo‘lishi ham kiradi. Shunday ekan, ayol kishi oiladagi uchinchi shaxslarga emas, ko‘proq o‘z turmush o‘rtog‘iga itoat etishi lozim. Oila a’zolari ham mana shuni e’tiborga olishi kerak.

Biz ko‘p kuzatyapmizki, yosh oila munosabatlariga qaynota yoki qaynona aralashib er va xotinni bir birlaridagi huquqlaridan mahrum qiladi. Yoki qaynona o‘g‘lini uzoqqa yuborib, kelinini eri bilan ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Oilasi bilan birga bo‘lishini man qiladi. Bu payg‘ambarimiz sunnatlariga ziddir. Bunga shariat ham ruxsat bermagan. Er va xotinning o‘zaro aloqalariga hech kim daxl qilolmaydi. Ular xoh qaynota, xoh qaynona bo‘lsin. Birgina vaziyatda ularga aralashish uchun ruxsat berilgan, ya’ni o‘g‘li yoki kelini shariatga zid ish qilsa, axloq va odob doirasidan chiqsa, o‘shandagina tanbeh bergan holda vaziyatga qo‘shilishi mumkin. Bundan ortiq masalalarda esa chegara saqlashlari lozim. Shunindek, uchinchi shaxslar, ya’ni erkakning aka-ukalari yoki opa-singillari oilaga istaganlaricha aralashishga haqli emas. Kelindan o‘zlariga kerakli narsani talab qilishlari mumkin, ammo er va xotin munosabatlarida ularga ruxsat yo‘q.

Shariatimizda agar er va xotinning o‘rtasida nizo chiqib qolsa yoki biror muammo bo‘ladigan bo‘lsa, yaqinlariga uni isloh qilish buyurilgan. Hattoki bu isloh qilish jarayonida dinimizda harom hisoblangan yolg‘onni ham tadbir sifatida ishlatishga ruxsat berilgan. Qur’oni Karimda ham “Agarda ikkita hakam orani isloh qilishni iroda qilgan bo‘lsa, Alloh taolo muvofiqlashtiradi”, deyilgan. Ya’ni mobodo er va xotin o‘rtasida nizo kelib chiqsa va ajralish ehtimoli bo‘lsa, erning yaqinlaridan bir hakam kelib, ayolning yaqinlaridan bir hakam kelib muammoni isloh qilishlariga buyurilgan.

Alloh taolo barcha mo‘min va musulmonlarga hidoyat berib, bunday illatlardan tez kunlarda qutilishimizni nasibi muyassar aylasin. 

Odinaxon Muhammad Sodiq


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

216

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing